O‘zbekistonning AQShdagi elchisi Javlon Vahobov Turkiston — Amerika uyushmasi prezidenti Abdulla Xo‘jaga “Do‘stlik” ordenini topshirdi. Bu haqda TIV jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi xabar berdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 11-dekabr kuni Abdulla Xo‘jani milliy qadriyatlar hamda an’analarni avaylash, AQShdagi vatandoshlarni jipslashtirish, O‘zbekiston va Amerika xalqdari o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashdagi xizmatlari uchun “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlashga oid farmonni imzolagan edi.
— Bu voqea men uchun yuksak sharafdir, — deya fikr bildirdi Abdulla Xo‘ja. — Ushbu davlat mukofoti O‘zbekistonning ravnaqi yo‘lidagi sa’y-harakatlarni bundan keyin ham yanada shijoat bilan ilgari surishdek ulkan mas’uliyat yuklaydi. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli o‘zgarishlarni bundan keyin ham har tomonlama qo‘llab-quvvatlaymiz, uning ravnaqi yo‘lida o‘z hissamizni qo‘shishda davom etamiz.
Abdulla Xo‘ja xorijdagi vatandoshlar bilan olib borilayotgan faol muloqot, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, og‘irini yengillashtirishga yo‘naltirilgan sa’y-harakatlar uchun O‘zbekiston rahbariga chuqur va samimiy minnatdorlik izhor etdi.
Nyu-Jersi shtatining Dover shahrida Turkiston — Amerika uyushmasi tashkil etilganligiga 60 yil to‘lishi munosabati bilan 250 nafarga yaqin vatandoshlar ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda Abdulla Xo‘janing davlat mukofoti bilan taqdirlanishi AQShdagi vatandoshlar tashkilotlari rahbarlari tomonidan iliq kutib olindi.
Ma’lumot uchun, Turkiston — Amerika uyushmasi 1958-yili Filadelfiya shahrida AQSh va Kanada davlatlaridagi Markaziy osiyolik muhojirlarni birlashtirgan ilk va to‘laqonli uyushmalardan biri sifatida tashkil etilgan. Uyushma prezidenti Abdulla Xo‘ja AQSh fuqarosi, ota-onasi asli o‘zbekistonlik.
Izoh (0)