Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan tayyorlangan “Soliq qarzini jismoniy shaxslarning bank plastik kartalaridan so‘zsiz undirish tartibi to‘g‘risida” idoralararo qaror loyihasi muhokamaga qo‘yildi. Bu haqda Sputnik xabar bermoqda.
Qaror loyihasida qayd etilishicha, qarzdor jismoniy shaxslarning soliq qarzi bank plastik kartalaridan oyiga eng kam oylik ish haqining ikki baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda so‘zsiz undirib olinadi.
“Eng kam ish haqi miqdori qonun hujjatlariga muvofiq inkasso topshiriqnomasi yuborilgan sanada shu oy uchun belgilangan eng kam ish haqi miqdoridan kelib chiqib aniqlanadi. Agar eng kam ish haqi miqdori o‘zgargan taqdirda, o‘zgargan miqdordan kelib chiqib qayta hisob-kitob qilinadi”, — deyilgan qaror loyihasida.
Bank plastik kartalardan jismoniy shaxslarning mol-mulk, yer soliqlari va daromadlar to‘g‘risidagi deklaratsiya asosida hisoblangan soliq hamda tadbirkorlik maqomini yo‘qotgan va bankda hisobvaraq ochmagan yoki bank hisobvaraqlari yopilgan yakka tartibdagi tadbirkor-jismoniy shaxslarning tadbirkorlik faoliyati bo‘yicha soliq qarzi so‘zsiz undiriladi.
Izoh (0)