Qoraqalpog‘istonlik Dinara Nuratdinova Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan “Asil mura” baxshi-jirovlar festivalida ishtirok etib, maxsus diplom bilan taqdirlandi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Mirolim Isajonov xabar bermoqda.
Taldiqorg‘an shahrida joylashgan Biken Rimova nomidagi drama teatrida tashkil etilgan mazkur xalqaro tadbirda Turkiya, Qirg‘iziston, Qoraqalpog‘iston va mahalliy baxshi-jirovlardan 11 nafar ishtirokchi sahnada o‘z qobiliyatini namoyon etdi. Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika insituti musiqiy ta’lim yo‘nalishi talabasi Dinara Nuratdinova “G‘arib oshiq” dostonidan “Bile bilmedim” qo‘shig‘ini kuylab, festivalga tashrif buyurgan tomoshabinlar va xorijlik mehmonlarda iliq taassurot qoldirdi.
Qayd etish joizki, 12 yoshidan boshlab san’at olamida bo‘lgan Dinara bundan avval ham bir qancha tanlovlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. Xususan, 2017-yili Qoraqalpog‘iston xalq artisti Oyimxon Shomurodova nomidagi tanlovda 1-o‘rin, shu yili Qozog‘istonning Aktobe shahrida o‘tkazilgan “Aqjelen” xalqaro festivalida ham g‘oliblik nasib etgandi.
Izoh (0)