Shanxayda ochilgan China International Import Expo import tovarlari va xizmatlari birinchi xalqaro ko‘rgazmasi o‘z ishini davom ettirmoqda. Bu haqda “Daryo”ga jurnalist Muhammadjon Obidov xabar berdi.
Dunyoning 130 dan ortiq mamlakati ishlab chiqaruvchilari o‘z mahsulotlarini Xitoy bozoriga olib keldi. Aslida uni jahon bozori deyilsa to‘g‘riroq bo‘ladi. Chunki rastalarga qo‘yib, xaridorga taklif etilayotgan mahsulotlarga avvalo xitoylik mijozlar, qolaversa, ko‘rgazma ishtirokchisi bo‘lgan davlatlar biznes vakillari qiziqish bildiryapti.
Expo zallaridan birida, eng nufuzli joyda O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilari ko‘rgazmasi ochilgan. Uning peshtaxtalari mamlakat tarixiy obidalari timsoliga uyg‘unlashib ketgan. Bu yerda quritilgan mevadan vino mahsulotlarigacha, kimyoviy o‘g‘itdan shirinlik va qorako‘lgacha, hatto granit bezak toshlarigacha bor. Xaridor ham bisyor. Biri paxta teradigan mashina haqidagi ma’lumot bilan qiziqadi, boshqasi paxta ipi tolasining quvvati bilan.
Muzokaralar uchun ikki joy tayyorlangan. Biri bo‘m-bo‘sh, ikkinchisida uch xaridor mahsulot egalarini kutib o‘tiribdi.
Butun boshli O‘zbekiston ko‘rgazmasida ishtirokchilardan atigi bir kishi — “N’MEDOV” brendi korxona menejeri Narimon Bayazitovni uchratdik, xolos. U O‘zbekiston maxsulotlariga qiziqayotgan turli davlatlardan kelgan xaridorlarga “Men o‘zimiz olib kelgan shirinliklar haqida aytishim mumkin, xolos. Qolganlarini bilmayman”, deyishdan charchagan.
— Aslida 89 ishtirokchimiz. Ammo ular forumga kirib ketgan. O‘zim nima qilishni, nima deyishni bilmayapman. Birov qorako‘l olaman, deb keladi, boshqasi bo‘lak narsa, — deydi u.
Bu gap ertalab soat 9:00 atrofida bo‘lgandi. 10:30 larda “O‘zbekneftegaz”AJ bosh mutaxassisi Narbek Yuldashev yetib keldi.
—Bu yerdagi yo‘lni bilasizku, — dedi u transportdagi tirbandlikni bahona qilib. Ammo nega ertaroq yo‘lga chiqmaganini aytmadi.
Shunday holatlar bo‘lsa ham, O‘zbekiston ko‘rgazmasiga kelib-ketuvchilar tobora ko‘payib bormoqda. Ko‘rgazma esa davom etmoqda.
Izoh (0)