O‘zbekistonda shafran o‘simligi plantatsiyalarini tashkil etish maqsadida “Agrobank”, “O‘zbekoziqovqatxolding”, “O‘zfarmsanoat”, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi va Vrand Investment Group jamiyati hamkorligida “Shafran ilmiy tadqiqot markazi” tashkil etildi, deb yozadi O‘zA.
Mazkur markaz 2017-yilning avgust oyida Gollandiyaning yirik kompaniyasidan 36,4 tonna tuganak piyozlar xarid qilgan edi. O‘z vaqtida amalga oshirilgan agrotexnik tadbirlar natijasida za’faron (shafran) plantatsiyalarda ekilgan bu tuganak piyozlarning 95—98 foizi ko‘kardi. Dastlabki yilda ularning qariyb 40 foizi gulga kirdi. Demak, ular mamlakat iqlimiga moslashmoqda.
O‘tgan yili Namangan, Sirdaryo, Toshkent va Surxondaryo viloyatining turli hududlariga 12,5 gektarga ekma za’faron plantatsiyalari tashkil etildi. Joriy yilda Izboskan tumanida 5 gektarga, Shahrisabz tumanida 10 gektar va Yuqori Chirchiq tumanida 21,5 gektarga shafran ekildi.
Shuningdek, joriy yilda o‘tgan yili ekilgan ekma za’faron plantatsiyalaridan 17 tonna tuganak piyozlar kovlab olindi. Ayni vaqtda ular O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tizimidagi 13 ta hududiy o‘rmon xo‘jaligida yangi plantatsiyalar tashkil etish uchun ekildi.
Ayni vaqtda esa za’faron plantatsiyalarining 22,5 gektari ikkinchi vegetatsiya davrini, 40 gektari esa birinchi vegetatsiya davrini o‘tamoqda.
Izoh (0)