Adliya vazirligiga “Suvloyiha” DUKka qarashli Toshkent shahri, Yunusobod tumanida joylashgan 22-yotoqxonada uzoq yillardan buyon yashab kelayotgan 16 ta oila a’zolarining talabidan kelib chiqib, ushbu yotoqxonani turar joy maqomiga o‘tkazish masalasi bo‘yicha murojaat kelib tushdi va u ko‘rib chiqildi. Bu haqda “Daryo”ga vazirlik jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi ma’lum qildi.
Uy-joy kodeksining 82-moddasida uylarni yotoqxonalarga o‘tkazish, shuningdek, yotoqxonalarga uylar maqomini berish uy-joy fondining mulkdorlari tomonidan mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan kelishilgan holda amalga oshirilishi belgilangan.
Muammoni hal etishda Yunusobod tuman hokimining 2018-yil 12-iyunda qabul qilingan 282-f-son alohida farmoyishi asosida davlat qabul hay’ati a’zolari tomonidan yotoqxonani turar joy maqomiga o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqilishi ta’minlandi.
Natijada 20 yildan buyon fuqarolarni qiynab kelayotgan muammo hal etildi. Yunusobod tuman hokimining 2018-yil 12-oktabrdagi qaroriga asosan tumandagi 22-yotoqxona binosi yotoqxona maqomidan chiqarilib, uy-joy fondi ro‘yxatiga kiritildi.
Izoh (0)