Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida 12-oktabr kuni viloyat YHXB xodimi leytenant N.X. hamda serjant R.D. O‘zbekiston ko‘chasida xizmat olib borayotganida serjant R.D. shu yerda harakatlanib kelayotgan “Zafar” MFYda yashovchi M.I. boshqaruvidagi “Kaptiva” rusumli avtomashinasini to‘xtatgan.
Avtomashinaning yon tomon oynalariga qora rangli parda o‘rnatganligi sababli haydovchi M.I.ga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirmoqchi bo‘lganida, haydovchi va avtomashina yo‘lovchilari X.T., Sh.I. (ismli ayol) hamda F.E. militsiya xodimlariga faol qarshilik ko‘rsatib, ularning yuzi, qo‘li va bo‘yin qismlariga urib tan jarohati yetkazgan, serjant R.D.ning cho‘ntagidagi Samsung mobil telefoni va haydovchi M.I.ga nisbatan tuzilgan ma’muriy bayonnomani olib, voqea joyidan ketib qolgan.
“Natijada xodimlarga kasalxonada tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Ko‘rilgan choralar natijasida haydovchi va 3 nafar yo‘lovchi qo‘lga olingan. Holat yuzasidan dastlabki tergovoldi harakatlari olib borilmoqda”, — deyiladi O‘zbekiston IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi axborotida.
Izoh (0)