Milliy bank va Fransiyaning Bouygues kompaniyasi turizm sohasidagi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha 100 million yevrolik bitimni imzoladi. Bu haqda bank matbuot xizmati ma’lum qildi.
Bitim “Qadimiy Buxoro” turizm hududini qurishni o‘z ichiga oladi.
Loyiha 10 gektar hududda mehmonxonalar, savdo-ko‘ngilochar markazi, restoranlar, hashamatli turar joy kompleksi, landshaft bog‘larini barpo qilishni nazarda tutadi.
Bitim doirasida kompaniya loyihalashtirish va qurilishdan tashqari, bu yo‘nalishdagi loyihalarni amalga oshirish uchun yangi investorlarni izlash va qurilgan obyektlarni boshqarishda ko‘maklashadi.
Bouygues O‘zbekistonning boshqa turizm shaharlarida ham mehmonxonalar va kurortlar tizimi loyihalarini bosqichma-bosqich amalga oshirishni rejalashtirgan.
Ma’lumot uchun, Bouygues Batiment International SAS Fransiyaning 1952-yilda tashkil qilingan yirik qurilish kompaniyalaridan biri bo‘lib, La-Mansh ostidagi tonnel, Defans arkasi, Sharl de Goll nomidagi aeroportning 2-terminali va boshqa yirik inshootlarni barpo qilgan. Kompaniya kapitali 25 milliard yevroga teng, hodimlari soni 133 mingdan ortiq.
Izoh (0)