Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonga amaliy tashrifi doirasida Gruziya bosh vaziri Irakliy Kobaxidzeni qabul qildi. Bu haqda 5-avgust kuni Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, transport-logistika va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan. Gruziya bosh vazirining 2025-yil martdagi O‘zbekistonga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish natijalari to‘g‘risida so‘z borgan.
Faol idoralararo aloqalar davom etmoqda, tashqi ishlar va iqtisodiyot vazirlarining uchrashuvlari o‘tkazildi. Tovar ayirboshlash va yuk tashish hajmi, qo‘shma loyiha va korxonalar soni oshmoqda. O‘zaro tovar yetkazib berishni ko‘paytirish, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, elektrotexnika, farmatsevtika, oziq-ovqat tarmoqlarida, shuningdek, logistika sohasida kooperatsiya loyihalarini ilgari surish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan choralar ko‘rish muhimligi qayd etildi, deyiladi manbada.
Irakliy Kobaxidze martdagi O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida ikki davlat o‘rtasida qator kelishuvlarga erishilgan. Jumladan, raqamlashtirish va turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha sheriklikni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilgan.
Uchrashuvda 2024-yilda O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 50 foizga oshgani aytilgan. Ikki davlat hamkorligida tashkil etilgan qo‘shma korxonalar soni va yuk aylanmasi hajmi ko‘paygani maʼlum qilingan. Poytaxtlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslar amalga oshirilayotgani, O‘zbekistonda gruziyalik investorlar ishtirokida raqamli bank faoliyat yuritayotgani taʼkidlangan.
Izoh (0)