Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda o‘zini Davlat xavfsizlik xizmati xodimi sifatida tanishtirgan Namangan shahrida yashovchi fuqaro qo‘lga olindi.

Ma’lum bo‘lishicha, 1985-yilda tug‘ilgan fuqaro o‘zini go‘yoki DXX xodimi deya tanishtirib, Namangan viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan xususiy korxona nomiga olib kelingan tovarlarni Bojxona qo‘mitasining Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasida ishlovchi tanishlari orqali hech qanday muammosiz bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan o‘tkazdirib berishini aytadi.
DXX va bojxona idoralari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, ushbu hojatbaror fuqaro korxona rahbaridan firibgarlik yo‘li bilan har bir yuk partiyasi uchun 500 AQSH dollaridan jami 1 000 AQSH dollari miqdoridagi pul mablag‘larini olgan vaqtida ushlandi.
Mazkur shaxs korxonaga xorijdan import qilinayotgan avtomobil ehtiyot qismlarini bojxona rasmiylashtiruvidan tezlashtirib chiqarib berayotganini aytib, korxona rahbaridan muqaddam 1 000 AQSH dollari olgan.
Hozirda gumondorga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)