“Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi tomonidan odam savdosi jinoyatini oldini olish hamda aniqlash borasida huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organlar bilan hamkorlikda muntazam ravishda tegishli tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda, deyiladi Davlat bojxona qo‘mitasi Axborot xizmati xabarida.
Jumladan, yaqinda boshqa huquqni muhofaza qilish idoralari bilan hamkorlikda “Toshkent” xalqaro aeroportida ana shunday jinoyatlardan biri o‘z vaqtida fosh qilindi.
Istanbulga parvoz qilayotgan yo‘lovchilar orasidagi fuqaro X.N.ning o‘zini tutishi va bezovtalanishi bojxonachilarning diqqatini tortdi. Shundan so‘ng ushbu ayol bilan bo‘lib o‘tgan suhbat davomida jinoyatning oldi olindi.
Ushbu shaxs aldov va qo‘rqitish yo‘li bilan respublika hududidan chet elga ishlash bahonasida olib chiqib ketilayotgan paytida aeroport avtoturargohida to‘xtatib qolindi. Ma’lum bo‘lishicha, D.G. hamda O‘.S.ismli shaxslar ushbu ayolni Turkiyada noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanishga majburlashni rejalashtirgan ekan.
Hozirda ushbu jinoyatni sodir etgan fuqarolarga nisbatan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Izoh (0)