Namangan shahridagi ilk “Avtomobilsiz kun” davomida transport oqimi odatdagidan taxminan 40 foizga kam bo‘ldi. Bu haqda “Daryo”ga viloyat IIBB YHXB matbuot xizmati ma’lum qildi.
Matbuot xizmatiga ko‘ra, aksiyadan avval OAV va ijtimoiy tarmoqlar orqali berilgan bildiruvlar bunda muhim rol o‘ynadi. Shuningdek, shaharning markaziy ko‘chalarida aksiyaga oid banner va shiorlar o‘rnatildi.
— Aksiya kuni mashinamni uyga tashlab, ishga piyoda ketdim. Ishdan keyingi shaxsiy yumushlarimni bajarish uchun ham yayov yurdim. O‘zimni bardam, tetik his qildim, mashinalar kam bo‘lgani uchun shahar havosi ham odatdagidan tozaroq tuyuldi, — deydi Namangan shahridagi 24-maktab o‘qituvchisi Ravshanbek Yusupov.
Ma’lumot uchun, Namangan shahrida bugungi kunda 30 mingdan oshiq transport vositasi ro‘yxatga olingan.
Izoh (0)