Jizzax viloyatining Arnasoy tuman prokurori o‘rinbosari Dilshod Karimov 16-sentabr kuni soat 17:30 atrofida Nexia avtomobilini “Jizzax—Uchtepa—Navbahor” avtomobil yo‘lining 16-kilometrida boshqarib borayotganida YTH sodir bo‘ldi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmatiga tayanib, “Xalq so‘zi” xabar berdi.
U yo‘nalishi bo‘ylab o‘zining ortidan harakatlanib kelgan Daimler Benz 210 rusumli avtomashina haydovchisi J. yo‘lning qarama-qarshi tomoniga chiqib, uni quvib o‘tib, keskin tormoz bergan holatda, uni to‘xtatishga harakat qilib, D. Karimovni yo‘lda harakatlanishiga to‘sqinlik qilganligi sababli, D. Karimov boshqaruvini yo‘qotishi natijasida yo‘lning chap tomonida joylashgan uylarning yo‘lagiga chiqib ketgan va yo‘lakda harakatlanib kelayotgan piyoda G. Egamberdiyevani urib yuborgan.
Fuqaro G. Egamberdiyeva olgan tan jarohatlari oqibatida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Jizzax filialida vafot etgan.
Sudga oid tibbiy ekspertizaning birlamchi xulosasiga ko‘ra, marhuma G.Egamberdiyevaga yetkazilgan jarohat og‘irlik darajasi bo‘yicha “hayot uchun xavfli bo‘lgan” tan jarohati, deb baholangan.
D. Karimov “bosh miya chayqalishi, peshona sohasi tirnalgan tan jarohati va o‘ng yelka chiqishi” tan jarohatlari bilan markazning Jizzax filiali neyroxirurgiya bo‘limiga yotqizilgan.
Mazkur holat yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari viloyat prokuraturasining 18-bo‘limi tomonidan olib borilmoqda.
Izoh (0)