O‘zbekiston va Tojikiston qurolli kuchlari harbiy xizmatchilari o‘rtasida hamkorlikda So‘g‘d viloyatidagi “Choruxdayron” poligonida o‘tkazilayotgan “Jangovar hamdo‘stlik—2018” o‘quvlarining birinchi kuni o‘z nihoyasiga yetdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Mazkur hamkorlikdagi o‘quv mashg‘ulotlarning birinchi kunida tezkor guruh shtabi tashkil etildi. Tojikiston mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari – Bosh shtabi boshlig‘i general-leytenant Emomali Sobirzoda tomonidan ushbu guruh faoliyati muvofiqlashtirilib, dala o‘quv maydonidagi amaliy mashg‘ulotlar bilan parallel ravishda ishlar olib borilishi ta’kidlandi. O‘zbekiston harbiylari tomonidan jangovar texnikalar, uchuvchisiz uchish apparatlari, 6 ta minomyot hamda 2 ta H215 vertolyot qo‘llanilib, taktik harakatlar muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Mashqlar jarayonida dastlab noqonuniy qurollangan terrorchi guruhlar joylashgan hudud to‘g‘risidagi ma’lumotlar o‘zbekistonlik harbiylar (uchuvchisiz uchish apparatlari yordamida) tomonidan yuqori qo‘mondonlikka yetkazildi. Hamkorlikda “Dushman shaharcha”siga hujum uyushtirildi. O‘zbekistonlik harbiylar zirhli texnikalarda belgilangan yo‘nalish bo‘yicha ishonchli harakatlanib, shartli dushman joylashgan obyektni egalladi. Shartli dushman kelish ehtimoli bo‘lgan yo‘nalishga esa O‘zbekiston va Tojikiston Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va harbiy havo kuchlarining vertolyot aviatsiyalari tomonidan taktik desantlashtirish ishlari amalga oshirildi.
Tojikiston—O‘zbekiston hamkorligidagi harbiy mashg‘ulotlar 22-sentabr kuniga qadar davom etadi.
Izoh (0)