Toshkentda tashkil etilgan O‘zbekiston—Belarus biznes-forumi va kooperatsion birjada ikki davlat ishbilarmon doiralarining 500 ga yaqin vakili ishtirok etdi. Bu haqda Tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Tadbir Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida tashkil etildi. Tashkilotchilar O‘zbekiston Tashqi savdo vazirligi va ikki mamlakat savdo-sanoat palatalari bo‘ldi.
Forumda umumiy qiymati 193,3 million dollar bo‘lgan 82 ta eksport-import shartnomalari imzolandi va umumiy qiymati 38 million dollar bo‘lgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Kelgusi yillarda taxminan 20 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan. Toshkentning Oloy bozori hududida Belarus mahsulotlari do‘koni faoliyatini boshladi. Minskda huddi shunday o‘zbek mahsulolari do‘konini ochish bo‘yicha ish olib borilmoqda.
Biznes-forum davomida o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish uchun ikki mamlakat o‘rtasida mintaqalararo aloqalarni o‘rnatish muhimligi ta’kidlandi. Tomonlar Minsk, Brest, Vitebsk, Mogilev va Gomel viloyatlarida hamda Minsk shahrida O‘zbekiston hududlari vakillarining tashrifi chog‘ida o‘tkazilgan uchrashuvlar va muzokaralar natijalarining yuqori samaradorligini qayd etdi.
Izoh (0)