18—19-avgust kunlari O‘zbekistonda umumxalq xayriya hashari o‘tkaziladi. “Daryo” manbasi xabar berishicha, bu haqda Qurbon hayitini nishonlash va hashar o‘tkazishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida Bosh vazir Abdulla Aripov ma’lum qilgan.
O‘zbekiston ekologik harakati va Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi umumxalq hashari munosabati bilan joylardagi aholi dam olish maskanlarida (istirohat bog‘larida) hashar o‘tkazish tashabbusi bilan chiqdi.
Hashar kunlari respublikaning barcha hududlarida kanallar, ariqlar, zovurlar atrofini maxsus texnikalar jalb etgan holda tozalash ishlarini tashkil etish yuzasidan joylardagi hokimliklarga tegishli zarur choralarni ko‘rish yuklatildi.
Hasharlar o‘tkazilayotgan hududda texnika xavfsizlik qoidalariga to‘liq rioya etish hamda hasharchilarning xavfsizligini ta’minlash vazifasi qo‘yildi.
Shuningdek, hashar kunlari jamoat tartibini saqlash, yong‘in va yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash choralarining ko‘rilishi hamda texnik jihatdan soz bo‘lgan texnika vositalaridan foydalanishni nazoratga olish lozim bo‘ladi.
Izoh (0)