11-iyul kuni Xonobod shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tegishli topshiriqlariga asosan barpo etilgan Andijon viloyatida yagona bo‘lgan “Xonobod” sihatgohining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda GM Uzbekistan Jamoatchilik bilan aloqalar xizmati “Daryo”ga xabar beradi.
Tadbirda hukumat, hokimlik va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.
Eng so‘nggi zamonaviy tibbiyot uskunalar bilan jihozlangan muassasasini bunyod etish uchun GM Uzbekistan kompaniyasi barcha zaruriy ishlarni amalga oshirdi. Sihatgoh dengiz sathidan 850 metr balandlikda joylashgan bo‘lib, u o‘zining kislorod bilan to‘yingan ionlashtirilgan havosi bilan yuqori va quyi nafas organlari, harakat-tayanch, asab tizimi kasalliklarini davolashga ixtisoslashgan.
Sihatgoh hududi 10,5 gektarni tashkil qilib barcha korpuslar bog‘ hududida joylashgan hamda manzarali daraxtlar, archalar va gullar bilan o‘ralgan. Sihatgohda zamonaviy sport maydonlari, suv havzalari, internet Wi-Fi, bolalar maydonchalari dam oluvchilarning maroqli hordiq chiqarishlari uchun xizmat qiladi.
O‘tgan davr mobaynida mazkur inshoot barpo etilishida 800 nafar quruvchi va ishchi xodimlar xizmat qildi. Sihatgoh ochilishi mahalliy aholiga ishchi o‘rinlari yaratishda ham muhim ahamiyat kasb etdi. Sihatgoh bir vaqtning o‘zida 200 nafar kishini qabul qilish imkoniga ega bo‘lib, ularga majmuaning 130 dan ortiq xodim barcha zaruriy xizmatlarni ko‘rsatadi.
Izoh (0)