Buyuk astronom, matematik va geograf al-Farg‘oniy o‘zining ilmiy kashfiyotlari bilan umumbashar taraqqiyotga salmoqli hissa qo‘shgan.
Olimning to‘liq ismi Abul Abbos Ahmad ibn Muhammad ibn Kasir al-Farg‘oniydir. Al-Farg‘oniy Farg‘ona vodiysining Qubo (Quva) qishlog‘ida tug‘ilgan, deb hisoblaydi olimlar.
Al-Farg‘oniyning hayoti haqidagi ma’lumotlar juda kam bo‘lganligiga qaramay, o‘rta asrlarda Sharqda uning nomi mashhur bo‘lgan. Akademik M.Xayrullayevning ta’kilashicha Ibn an-Nadim (X asr), Ibn al-Qiftiy (XII—XIII asrlar), Abul Faraj Bar Ebrey (XIII asr), Hoji Xalifa (XVII asr) kabi Sharq olimlari uni o‘z asarlarida eslatadilar.
Ahmad al-Farg‘oniyning hayoti haqidagi eng so‘nggi va eng aniq xabar 861-yil bilan bog‘lanadi. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, u shu yili Qohira yaqinidagi Roud orolida nilometrni, ya’ni Nil daryosi suvi sathini belgilovchi uskunani yasagan. Biroq al-Farg‘oniy qanday qilib va qanday sharoitda Misrga borib qolgani haqida ham aniq ma’lumot yo‘q. Al-Farg‘oniyning asosiy astronomik asari “Samoviy harakatlar va umumiy ilmi nujum kitobi” (“Kitob al-harakat as-samoviya va javomi’ ilm an-nujum”) XII asrda lotin tiliga ikki marta va XIII asrda boshqa Yevropa tillariga ham tarjima qilinganidan so‘ng, uning lotinlashtirilgan nomi “Alfraganus” shaklida g‘arbda bir necha asr davomida keng tarqaladi. Uning bu kitobi shu asrlar davomida Yevropa universitetlarida astronomiyadan asosiy darslik vazifasini o‘tadi. “al-Farg‘oniy asarining lotincha tarjimasi birinchi marta 1493-yilda nashr etilgan bo‘lib, u eng qadimgi nashr qilingan kitoblardan hisoblanadi. 1669-yili mashhur Golland matematigi va arabshunosi Yakob Golius al-Farg‘oniy asarining arabcha matnini yangi lotincha tarjimasi bilan nashr etganidan so‘ng, al-Farg‘oniy va uning asarining Yevropadagi shuxrati yanada ortdi. Al-Farg‘oniy nomini Dante (XV asr) va Shiller (XVIII asr) ham eslagan”, deb yozadi M.Hayrullayev.
Hozirgi kunda al-Farg‘oniyning sakkiz ta asari ma’lum bo‘lib, ularning hammasi astronomiyaga aloqador va ular dunyoning Berlin, London, Parij, Tehron, Qohira kabi shaharlaridagi muzeylarda, ilmiy markazlarda saqlanmoqda.
Farg‘oniyning nomi nafaqat sharq va G‘arbda, o‘z yurti O‘zbekistonda, g‘urur va iftixor bilan tilga olinadi, o‘rganiladi, 1998-yilda O‘zbekistan Respublikasi Prezidentining farmoni bilan allomaning 1200 yillik tavallud sanasi katta tantanalar bilan nishonlandi.
1998-yilning yoz oylari. Ahmad al-Farg‘oniy yubiley tantanalari tobora yaqinlashmoqda edi. Quva markazi va Farg‘ona shahrida juda keng qamrovli obodonlashtirish, bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayotgan chog‘lari unga har kim hissa qo‘shay deyayotganiga ko‘p guvoh bo‘ldim. Manbalarda buyuk olim umrining so‘nggi kunlarini Nil daryosi g‘arbiy qirg‘og‘idagi qadim Fustot shahrida o‘tkazgani haqida ma’lumotlar keltirilgan. Ammo, uning abadiy oromgohi-xilxonasi qayerda, bu mavhum edi. Shunday kunlarning birida Toshkent Davlat Sharqshunoslik instituti rektori, akademik Ne’matillo Ibrohimov men bilan suhbatda bir taklif aytib qoldi.
— Institut homiylik qiladi. Misrga borib keling. Balki Fustotdan biror darak toparsiz.
“Axborot” rahbariyati taklifni qo‘lladi. Biz, tasvirchi Shuxratjon Mirzakarimov bilan safar tarjimoni maqomidagi professor Sarvar G‘ofurov hamrohligida Qohiraga uchib bordik.
Ming yillar davomida qancha xoqon-u firavnlarni ko‘rgan, bir qarich hudud uchun yuz minglab jangchilarni qurbon bergan afsonaviy, sir-u-sinoatga yo‘g‘rilgan Misr haqiqatlarini bu yurtga necha bor kelgan bo‘lsam-da anglab yetolmasdim. Bir manzil, bir yodgorlik, bir manzara har gal menda yangi-yangi taassurot, uyg‘otadi.
Qohira ko‘chalarini yolg‘iz kezishni yoqtiraman. Ayniqsa, Xon Halil mavzesini. Bu yerda odamlar erkin. Istasa soz chaladi, istasa kuylaydi. Do‘st-birodari bilan arab qahvasini ichib chuqur-chuqur chilim tortadi. Do‘konlarda savdo-sotiq avjida. Sangtarosh va misgarlarning bozori chaqqon. Men ham yo‘l chetidagi qahvaxona stollaridan birini egallayman. Qarshimdagi do‘mbira chertayotgan kishining ko‘zlariga termulaman. Vo ajab. Usti chor-nochor. Oyog‘idagi yengil shippak ham ado bo‘lay degan. Soqollari o‘sgan. Do‘mbira torlarini yengil harakatga keltirib navobaxsh sado taratayotgan barmoqlari dag‘al, tirnoqlari o‘sgan... Ammo ko‘zlarichi?! Ko‘zlarida hayotidan rizoligi, ertasidan umidvorlik, pokiza qalbidagi ezgulik bolalarcha sofdil nigohlarda odamni rom etadi. Nahotki shu kambag‘al umri, buguni va nochor kelajagidan rozi bo‘lsa?! Beixtiyor “mashallah” deb yubordim. U meni eshitdi chog‘i, bosh siltab qo‘ydi-da, o‘zgacha, hali men odamlarda hech uchratmagan samimiylik bilan kuy uslubini sho‘xchang sadolarga burdi. Ana, ko‘chadan o‘tib ketayotgan bir necha yevropalik ajnabiylar ham to‘xtab sozandani olqishlay boshladilar. Bu unga ilhom berdimi, u tanasini usulga mos tebratib yanada zavq-shavq bilan do‘mbirasini cherta ketdi.
Shu lahza qahvaxona egasi oldimga ko‘miri tutab turgan chilim qo‘yd. Uni tortib ko‘rsam-ko‘rmasam haqini to‘lardim. Umr bo‘yi chilim chekib yurgan odamdek o‘zimcha tavoze bilan chilim mushtugini tishladi-mu yanada yastanibroq o‘tirib ichimga torta boshladim. Achchiq tutun tomog‘imdan nari o‘tmadi. Uni na og‘zimdan, na burnimdan qaytarib chiqara olmasdim. Shu qadar qiynalib yo‘taldimki, ko‘zlarim qinidan chiqay dedi. Sozanda esa miyig‘ida kulib qo‘ydi, lekin kuy usuli o‘sha-o‘sha. Ketma-ket qahva ho‘plab arang o‘zimga keldim. Shu tariqa tun tongni quvib borardi. Mehmonxonaga qaytganimda har yer-har yerdan azon ovozi eshitila boshladi.
O‘zbekistonning Misrdagi elchisi Shamsiddinxon Boboxonov yordamida misrlik bir necha tarixchi, faylasuf, koinot ilmining olimlari bilan uchrashib Ahmad al-Farg‘oniy haqida batafsil suhbatlashdim. Keyinroq Misr tashqi ishlar vazirligi, Qohira shahri ma’murlari, Qohira Davlat Universiteti raxbariyati qabulida bo‘ldim. Yana o‘sha mavzu. Qoxira ko‘chalarida o‘nlab odamlarni to‘xtatib suxbatga chorladim. Vo ajab. O‘ndan yetti-sakkizi vatandoshimiz Ahmad al-Farg‘oniyni bilar, u haqida mehr bilan gapirar edi.
Ma’lumki, Ahmad al-Farg‘oniy avvalo koinot ilmining buyuk olimi. Lekin u Fustotga kelib yashay boshlagach aholiga nisbatan qo‘llanilayotgan soliq adolatsizligidan iztirob chekar, uni isloh qilish choralarini izlar edi.
To‘rt ming kilometr uzunlikdagi Buyuk Nil Misr xalqi uchun hayot –mamot daryosi edi. Mamlakat hududining atigi olti foizidagina dehqonchilik qilish, biron yegulik yetishtirish mumkin bo‘lgan. Bu ham Nil tufayli. Qolgan qismi qumlik bo‘lib, daryo suvi yetib bormas edi. Ana shu olti foiz suvli yer xalqni boqib kelgan. Hozir ham shunday. Ammo o‘shanda Nil suv sathi tizginsiz bo‘lgan. Ya’ni, bir yil suv sathi ko‘tarilsa qirg‘oqdagi dehqon yerlarini suv bosib hosili nobud bo‘lardi. Va aksincha, suv sathi pasayib ketsa qirg‘oqdan uzoqroqdagi yerlar qurg‘oqchilikka uchrardi. Shunga qaramay davlat soliqchilari har ikki holatda ham yer egalaridan birdek soliq talab qilgan. Ahmad al-Farg‘oniy yulduzlar harakatini uzluksiz kuzatish barobarida Nil daryosi sathidagi o‘zgarishni daryodan uzoq-yaqinligiga qarab yerlar hosildorligi jadvalini tuzadi va shu tartibda soliq tizimini yaratadi. Olimning Nil daryosi orollaridan biri-Roud “burni”ga qurgan “Miqyosi Nil” uskunasi Misrda yangicha soliq miqdoriga asos soldi.
-Ahmad al-Farg‘oniy Misrda ming yildan ziyod davrda adolat tarozusini ushlab turdi va biz misrliklarning o‘nlab avlod-ajdodlari bu buyuk inson siymosi qarshisida hamisha ta’zimdamiz, — dedi Qohira Davlat Universiteti professori Fotih Ahmad biz bilan suhbatda.
Mana o‘sha, bobomiz bundan XII asr muqaddam bunyod etgan “Miqyosi Nil” qurilmasi. 35-40 metrlar keladigan ko‘prikdan o‘tsangiz temir yog‘och (Hindistondan keltirilgan buk daraxtidan) qoplangan sakkiz burchakli, usti doirasimon qubbali oddiy bir binoga duch kelasiz. Nilning bir cheti shu orolga urilib ikkiga bo‘linadi. Chapda kanalsimon oqim, o‘ngda salkam bir chaqirimcha yastanib oqayotgan hayot daryosi. Har qanday holatda ham suv “Miqyosi Nil” qurilmasiga ochilgan tuynukdan kirib chiqib turadi. Ichkariga kirsangiz o‘zingizni go‘yo bugun O‘zbekiston deb atalmish mamalakatga kelib qolgandek his qilasiz. O‘rtada marmar ustun. Unga suv sathi o‘lchov chiziqlari tortilgan. Atrof esa yog‘och o‘ymakorligi hamda sharqona minatyura bezaklari bilan qoplangan. Aytishlaricha, Misr xalqi ularni asrlar davomida avaylab asrab kelgan. Sakkiz ustun chizgilariga sog‘inch bilan boqaman. Nozik o‘ymakor naqshlarga mehrimni baxsh etib silayman. Axir bu chizgi, naqshlarga bobomiz Ahmad al-Farg‘oniy nazari tushgan, qo‘llari tekkanda. Hozir ham ruhlari mamnun boqib turgandek edi. Marmar zinalardan ustunni aylanib pastga tushaman. U Nil daryosi suv sathi eng past bo‘lgandagi ko‘rsatkichdan ham chuqurroq edi. Mana bu tuynukdan suv kirib ustun chiziqlarida ko‘rinish bergach boshqa tuynukdan chiqib ketavergan. Bobomiz esa suv sathi ko‘rsatkichiga nisbatan dehqonning yeri daryodan necha chaqirim naridaligiga qarab qancha soliq to‘lashi lozimligini matematik formulalar asosida aniq hisob-kitob qilib belgilab berganlar. Shunday qilib, suv sathi ko‘tarilsa yeri daryoga yaqin dehqonlar kamroq, yeri daryodan olisroqdagi dehqonlar ko‘proq va aksincha, suv sathi odatdagidan pastlab ketsa daryoga yeri yaqin dehqon ko‘proq, yeri uzoqroqdagi dehqon kamroq soliq to‘lagan. Aslida oddiy qoidaga o‘xshaydi. Ammo unda hozirgi o‘lcham birligidagi bir metr o‘zgarsa ham soliq miqdori o‘zgaradigan jadvalni yaratish darhaqiqat arablarning o‘zlari aytganidek, buyuk kashfiyot, yoki haqiqiy adolat tarozusi bo‘lgan. Shuning uchun ham oradan ming yildan ziyod vaqt o‘tibdiki, arablar hamon alloma nomini cheksiz hurmat bilan tilga oladilar. Shuning uchun ham Ahmad al-Farg‘oniy yaratgan “Miqyosi Nil” hamon ishchi holatda saqlab kelingan. Misr Piramidalari va Sfinksni, dunyodagi eksponatlari ko‘p va eng boy Qohira muzeyini ko‘rgani kelgan besh iqlim sayyohlari bu yerga ham qadam ranjida qilib, bobomiz ruhi oldida bosh egadilar.
Bugungi Qohira bir necha asrlik tarixga ega bo‘lgan yangi shahar. Firavnlardan qolgan poytaxt esa — qadim Fustot shahridir. U Qohiraning g‘arbida, 6-8 chaqirim narida joylashgan. Hozirga kelib Fustotdan ko‘hna qal’a devorlarining izlari, urushlar chog‘i vayronaga aylangan turar joy qoldiqlari va balki dunyoning eng qadimiy qabristoni saqlanib qolgan.
Tarixchilarning yozishicha, Fustot o‘z davrining hududi eng katta va aholisi eng ko‘p bo‘lgan shaharlaridan biri edi. Shaharga 641-yilda asos solingan. Fustot nomi tarixiy manbalarda qayd etilishining yana bir sababi, bu yerda qit’adagi dastlabki masjid barpo etilgan. Lekin shahar ko‘chalari, imoratlar g‘oyat tartibsiz qurilgan. Qayerdaki masjid, amaldor saroyi bo‘lsa, uning atrofini uylar qurshab olavergan. Natijada Fustotda yong‘inlar juda ko‘p ro‘y bergan. Shuning uchun ham Abbosiylardan so‘ng saltanatga kelgan Fotimiylar 969-yilda mamlakat poytaxtini Fustotdan hozirgi Qohira hududiga ko‘chirganlar. Manbalarda aytilishicha, 1169-yilgi yong‘in shaharni to‘liq qoplab olgan va bu yerda yashash imkonini qoldirmagan.
Biz Fustot xarobalari oralab qabristonga keldik. Misr mutaxasislarining ta’kidlashicha, bu yerga dafn etish taxminan 8-9 asr avval to‘xtatilgan. Shundan buyon bugungi o‘lchamlarda 7-8 gektar keladigan qabristonga hech kim tegmagan. Qabr toshlari quyosh nurida kuyib qoraygan. Yozuvlar o‘qib bo‘lmas darajaga kelgan. Hatto qabr usti tepaliklari ham deyarli tekis holda. Qachonlardir Fustot qabristoni Misrning eng oliy tabaqali zodagonlari-yu, ulamolari dafn etiladigan kiborlar abadiy manzili bo‘lgan.
-Bizningcha, Ahmad al-Farg‘oniy ham shu yerga dafn etilgan bo‘lishi ehtimoli katta. Chunki u Fustotda yashab ijod qilgan zamonasining buyuk olimi bo‘lish bilan birga, “Miqyosi Nil” tufayli cheksiz shuxrat qozongan. Bunday zot, jasadi ushbu qabristonga keltirishiga barcha asoslar bo‘lgan, - dedi professor Fotih Ahmad.
Qabriston chetiga qo‘yilgan o‘rindiqda (bu ham hayratli voqea edi, kim bu o‘rindiqni keltirib o‘rnatgan?!) ikki bor quron tilovat qilib dastlab barcha o‘tgan, shu yerda yotganlar haqiga, so‘ng bobomiz nomini tilga olib alohida duoi fotiha qildik.
Fustot qabristonidan bir siqim tuproq olib avvaldan tayyorlatib kelganimiz– sandiqchaga soldik. Keyinchalik uni Quvaga olib kelib quruvchilarga berdik. Sababi, Ahmad al-Farg‘oniyning 1200 yillik yubileyi arafasida Quva va Farg‘onada ul ulug‘ zot sharafiga yodgorlik qo‘yilayotgan edi. Prezident Islom Karimov tasdiqlagan rejaga ko‘ra Quvada, olim tug‘ilib o‘sgan joyda gumbazli ayvon (rotonda) ostiga nefrit toshidan ramziy qabr qo‘yilishi lozim edi.
Farg‘ona shahrida esa olim nomi bilan ataluvchi bog‘ to‘ri al-Farg‘oniyning salobatli haykali qad rostlab qolgandi.
Biz Misrdan qaytib kelgach, Ahmad al-Farg‘oniyning Misrda kechgan hayoti haqida ko‘rsatuv tayyorladik. Uni tomoshabin qiziqish bilan kutib oldi. Keyin bilishimizcha, ko‘rsatuvni davlatimiz rahbari Islom Karmiov ham ko‘rgan ekanlar.
Yubiley taraddudi arafasida Islom Karimov ishlar bilan tanishish maqsadida Farg‘onaga keldilar. Telemuxbir sifatida menga ularning safarini yoritish topshirilgan edi.
Quva. Ishlar jadal. Minglab quruvchilar shaharchani obod qilish uchun harakat qilardilar. Markaziy maydon tepaligida qubbali ayvon (rotonda) tayyor. Faqat ramziy qabr toshi qo‘yish qolgan. Yonida arxeologik qazishma olib borilgan maydoncha. Topildiq va qazishma olib borilgan maydoncha. Topildiq va o‘tgan 8-10 asrga daxldor buyumlar terib qo‘yilgan. Pastda muzey ham bitib qolgan. Xullas, tayyorgarlik reja asosida borardi. Prezident esa negadir o‘yga botgan. Qubbali ayvonni, ramziy qabr toshi qo‘yiladigan joyni bir-bir sinchiklab ko‘rib chiqdi. Nimadir, nimadir yoqmayotgandek edi. Hamma hayajon bilan uni kuzatmoqda. Shu payt Islom aka meni chaqirib qoldilar.
-Siz yaqinda Misrga borib keldingiz. Aytingchi, Misr halqi Ahmad al-Farg‘oniyga qanday munosabatda? – Prezident ko‘zlarimga tikildi. Oh, bu nigohga dosh berish qanchalar qiyin!
Men o‘zimni qo‘lga oldim. Bosiqlik bilan javob berdim.
-Misrda oddiy odamlardan to davlat arboblarigacha uchrashib Ahmad al-Farg‘oniy haqida gaplashdim. Ularning barchasi bu ulug‘ olimni chin dildan hurmat qilar ekanlar. Misrlik bir alloma yurtdoshingiz ming yildan ziyod vaqt ichida Misrda adolat tarozusini ushlab turdi, deb ta’rif berdi.
-“Miqyosi Nil” tufaylimi? – Prezident so‘zimni bo‘ldi.
-Ha, “Miqyosi Nil” tufayli. Ahmad al-Farg‘oniyga necha avlod misrliklar ta’zimda bo‘lgan, hozir ham hamon ta’zimda ekan, ular. Menimcha, vaqti kelib ular albatta Qohirada Ahmad al-Farg‘oniyga haykal qo‘yadilar. Bunday buyuk inson o‘zi tug‘ilib o‘sgan Quvada ham haykal qo‘yishga munosib deb o‘ylayman.
Men o‘zimdagi kamchilikni, eng katta kamchilikni bilaman. Ba’zida o‘zimni to‘xtata olmayman. O‘ylaganimni o‘rnimi, o‘rni emasmi aytib yuboraman. O‘shanda ham shunday bo‘ldi. Men beixtiyor o‘yimdagini tilimga chiqardim. Aslida Quvaga haykal emas, ramziy qabr toshi qo‘yilishini, u nefritdan yasalganini, bunday loyihani shaxsan Prezident tasdiqlaganini bilardim, bilardim! Ammo o‘zimni tiya olmadim. Tilimni tiya olmadim. Dilimdagi beixtiyor tilimga chiqib ketdi...
Ismoil Hakimovichning yuzi burishdi. Boshqalar ham tilini tishladi, chog‘i. Hamma Prezidentga tikilgan. Undan munosabat kutishar edi. Meni titroq bosdi. Rangim shu lahzada quv o‘chgani aniq. Tilim boshqa aylanmay qoldi.
Islom Karimov ham bir lahza o‘yga toldi. Va... yodgorlik majmuasi maketi yoniga borib undan qubbali ayvon (rotonda) ostidagi kartondan yasalgan qabr toshini yulib oldi.
— Hech qanaqa ramziy qabr bo‘lmaydi, bu yerda. Nima, yosh kelin – kuyovlar bu yerga kelib sham yoqib o‘tiradilarmi? Bu yerda haykal bo‘ladi. Ahmad al-Farg‘oniy haykali bo‘ladi! – Prezident bu so‘zlarini qat’iy ohangda gapirar, toki unga hech kim e’tiroz bildirishini istamasdi.
Vaziyat bunchalar tez o‘zgarishini hech kim kutmagan. Boshqacha fikri bo‘lgan (hokim, vazir, olim, arxitektor, haykaltarosh...) hamrohlar bir nima deyishga jazm qilolmasdi. Faqat... Jo‘rabekovgina Prezidentga vaqt taqozosini ro‘kach qiloldi xolos.
— Islom Abdug‘aniyevich, yubiley tantanalariga juda oz vaqt qoldi. Haykalni hatto eskizi ham yo‘q. Uni yasab bu yerga o‘rnatishga mutlaqo ulgurmaymiz. Balki...
Prezident bu gaplarga parvo ham qilmadi.
— Ilhom, men senga Farg‘onadagi haykal g‘oya — ma’nosini tushuntirganman. Al-Farg‘oniy ikki qo‘lida kashfiyotlari, mana avlodlarim, men buni sizlarga meros qilib qoldiryapman, demoqda. Shundaymi?
Haykaltarosh Ilhom Jabborov tamomila o‘zini yo‘qotib qo‘ydi. U biladiki, haykalni g‘oyat qisqa muddatda yasab o‘rnatishi lozim. U biladiki, Prezident endi fikridan qaytmaydi. Shunday ekan rozi bo‘lishga majbur.
— Ha, — dedi haykaltarosh.
— Endi bu yerdagi haykal boshqacha bo‘ladi. U ulug‘vor, nafaqat olim, balki faylsuf, xalqparvar inson siymosida bo‘lishi kerak. Rotonda qolaveradi. Uning ostiga pastroq supa qilasan. Qo‘lida hassa, mana yurtdoshlarim, men sizlar bilan birgaman, deyayotgandek bo‘ladi. Tushundingmi?
— Lekin vaqt...
— Bir kecha kunduzda 24 soat ishlaysan, ammo ulgirasan. Mayli, avval bo‘rdan qilasan, yubileydan keyin bronzadan qo‘yamiz haykalni. Bugundan, hozirdan ishga kirish. Quvaning hokimi nuroniy qariyalarni yig‘ib beradi. Yuz siymosini ulardan olasan. Axir irsiyat qondan qonga o‘tadi, deyishadi-ku!
Qaror e’lon qilingandi. Endi uni hech kim, hatto Jo‘rabekov ham o‘zgartira olmasdi.
Atrofimdagi “katta”lar menga nafrat bilan qarayotgandek tuyuldi. Aslida ham shunday edi. Ular go‘yo “sen kimsanki, prezidentga maslahat solasan?”, deyayotgandek. Biz mashinalarga chiqib Farg‘ona tomon yo‘l oldik. O‘ylaganimdek bo‘ldi. Hukumat rahbarlaridan biri sal qolsa yoqamdan oldi:
— Sen kimsan o‘zi, Prezidentga maslahat beradigan?!
Bunday ta’na va malomatni ko‘p marta eshitishimga, aytgan gaplarimga turli idora va rahbarlarga izoh berishimga to‘g‘ri keldi.
Yo‘q, men Prezidenga aslo maslahat bermadim. Bunday niyatim bo‘lmagan. Bu voqeani keyin yuz, ming bor tahlil qildim. Videotasmalarni kuzatdim. Aslida bu qarorga Prezident ilgariroq, maydon bilan tanishgach, qubbali ayvon (rotonda)ni aylanib ko‘rganda kelgan. Lekin uni ochiqlashga bir turtki, bir so‘z yetmay turgan xolos. Usha so‘z mendan chiqib ketdi!
Orziqib kutilgan kun keldi. Quvaning markaziy maydonalirining birida, baland tepalikda Ahmad al-Farg‘oniyning viqorli haykali yubileyga kelgan yuzlab mehmonlar ishtirokida tantanali ravishda ochildi.
Buni qarangki, yaratganning marhamatimi, Misr arablarining samimiy ehtiromimi, 2007 yilda Qohirada, Roud orolida, “Miqyosi Nil” inshooti poyiga Ahmad al - Farg‘oniyning g‘oyat ko‘rkam va nafis ishlangan haykali qo‘yildi.
— Bu Misr xalqidan insoniyatning buyuk ajdodi Ahmad al-Farg‘oniyga minnatdorchilik ramzidir, - dedi o‘sha tantanada mamlakat Prezidenti Xusni Muborak.
Hozirgacha o‘ylab o‘yimga yetolmayman. Qohirada, haykal ochilishida ishtirok etgan O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimov hayolidan o‘sha daqiqalarda nimalar kechgan ekan? Quva voqeasini yodga oldimikin?
Men har gal Misrga, Qohiraga kelsam avval Fustot vayronalarini oralab, qadim qabristonga boraman. O‘sha mo‘jazgina o‘rindiqda ikki bor quron tilovat qilaman.
Ahmad al-Farg‘oniy tavalludiga 1220 yil to‘ldi. Lekin hali yana necha ming yillar o‘tsa ham ul buyuk zot nomi avlodlar dilida mangu qolaveradi.
Muhammadjon Obidov
Izoh (0)