Toshkent shahrida joriy yil 12-iyulida BMT Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” rezolyutsiyasiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkaziladi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Ushbu tadbir Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti va Davlat boshqaruv akademiyasi ko‘magida tashkil etilmoqda.
Davra suhbati shaklidagi tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati, tegishli vazirliklar, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati, Fanlar Akademiyasi vakillari, xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlarning mamlakatimizdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etishi kutilmoqda.
Tadbirdan ko‘zlangan maqsad BMT BA maxsus rezolyutsiyasi mohiyati va ahamiyatini muhokama etish, shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash istiqbollarini belgilab olishdan iborat.
Rezolyutsiyada Markaziy Osiyoda xavfsizlikni mustahkamlash, suv va energiya manbalaridan unumli va kompleks foydalanish, Orol dengizi qurishi bilan bog‘liq ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy asoratlarni yumshatish, mintaqada zamonaviy transport va tranzit tizimini tashkil etish, ma’rifat, fan, texnologiyalar, innovatsiyalar, turizm, madaniyat, san’at va sport sohalaridagi aloqalarni chuqurlashtirish yo‘nalishlarida ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish muhimligi qayd etilgan.
Izoh (0)