Avstraliyada olimlar yovvoyi qushlarda genetik va biologik jinsning keng tarqalgan nomuvofiqligini aniqladi. Bu haqda The Guardian xabar berdi.

Bu “jins o‘zgarishi” hodisasidan dalolat berishi mumkin. Biology Letters jurnalida chop etilgan tadqiqot yovvoyi qushlarning bir nechta turida bir vaqtning o‘zida shunday hodisani qayd etgan ilk tadqiqot bo‘ldi. Ilgari bu hodisa mumkin emas deb hisoblangan.
Ko‘p hollarda genetik urg‘ochilarda erkaklik jinsiy a’zolari mavjud bo‘lgan. Genetik jihatdan erkak bo‘lgan bitta kukabarra tuxum yo‘lining cho‘zilganligi aniqlandi. Bu uning yaqinda tuxum qo‘yganligini ko‘rsatadi. Ikki urg‘ochi kokilli kaptarda ham tuxumdon, ham moyak borligi aniqlandi. Eng kam nomuvofiqlik darajasi (3%) avstraliya zag‘izg‘onlarida, eng yuqorisi (6,3%) esa kokilli kaptarlarda qayd etilgan, deydi tadqiqotchilar.
Olimlar bu hodisa hayvonlarning gormonal muvozanatini buzadigan kimyoviy moddalar ta’siri bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligidan xavotirda. Endokrin buzg‘unchilar deb ataladigan bunday birikmalar ilgari ham mollyuskalar, baliqlar, amfibiyalar va sudralib yuruvchilarda jins o‘zgarishi bilan bog‘liq deb hisoblangan.
Sanshayn-Kost universiteti doktori Klensi Xollning ta’kidlashicha, qushlarda jinsning o‘zgarishi populyatsiyadagi jinslar nisbatiga ta’sir qilishi, ko‘payish muvaffaqiyatini pasaytirishi va ayrim turlarning yashab qolishini xavf ostiga qo‘yishi mumkin.
Dikin universiteti professori Keyt Byukenenning fikricha, urg‘ochilarning “erkaklashishi” ehtimol oziq-ovqat zanjirlariga kirib borayotgan inson faoliyati natijasidagi kimyoviy moddalar tufayli yuzaga kelmoqda.
Izoh (0)