Marsda yuruvchi Opportunity apparatining hayotiga tahdid solayotgan kuchli chang bo‘roni yanada kuchaydi. Endi u sayyoraning butun hududini qoplab oldi. Bu haqda Marsning teskari tomonidagi Curiosity apparatidan olingan tasvirlarga tayanib, NASA’ning reaktiv harakat laboratoriyasi ma’lum qildi, deb yozadi “RIA Novosti”.
Curiosity apparati va orbitadagi zondlar olib borayotgan kuzatuvlar bunday kataklizmalar vaqtida chang Mars sathi va atmosferasining yuqori qismlarida qanday harakatlanishi haqida ma’lumot olishga yordam bermoqda.
Iyun oyining boshida NASA vakillari Marsda kuchli chang bo‘roni boshlangani haqida ma’lum qilgan. U Opportunity apparati ishlayotgan Indevor kraterining katta qismini egallab olgan. Bo‘ron boshlanganidan bir necha kun o‘tgach, vaziyat shunchalik yomonlashganki, missiya muhandislari apparatni favqulodda holat rejimiga o‘tkazishga va uning soatdan tashqari barcha jihozlarini o‘chirib qo‘yishga majbur bo‘lgan.
Opportunity tomonidan uning o‘chirilishidan biroz oldin olingan ko‘rsatkichlarga ko‘ra, changning atmosferadagi miqdori rekord darajaga yetgan, bo‘ron esa sayyora miqyosi darajasiga yetgan.
Izoh (0)