Misr hukumati 2016-yilda Xitoyning Shitszyachjuan shahri yaqinidagi tematik bog‘ga o‘rnatilgan Katta Sfinksning nusxasini demontaj qildirishga erishgan edi. Biroq xitoyliklar bu “yodgorlik”ni sayyohlar uchun qaytadan ochdi, deb yozmoqda “RIA Novosti”.
Birinchi marta Sfinksning nusxasi Xitoyda 2014-yilda paydo bo‘lgan: u Xitoy kinompaniyasi tomonidan filmlardan biriga dekoratsiya sifatida qurilgan, biroq keyinchalik balandligi 20 metr va eni 60 metr bo‘lgan hamda burni bo‘rtib chiqqan temirbeton “yodgorlik” Xebey provinsiyasidagi tematik bog‘da paydo bo‘lgan va u yerda markaziy attraksionga aylangan.
Misrning qadimgi yodgorliklar vazirligi YuNESKOga “Sfinksning soxtalashtirilgani” haqida shikoyat qilgan. Ularning fikriga ko‘ra, nusxa “Gizadagi haqiqiy Katta Sfinks haqidagi tasavvur”ga putur yetkazgan va “Misrning turizm va kinosanoatdagi daromadlarini” kamaytirgan. Sayyohlar Misrga borish va Giza platosiga pul to‘lash o‘rniga bu ishni Xitoydagi ko‘ngilochar bog‘da amalga oshirgan.
Ikki yildan so‘ng Misr mazkur haykalni demontaj qildirishga erishgan: u 2016-yilda olib tashlangan.
2018-yilning may oyiga kelib xitoyliklar Sfinksni qaytadan yig‘gan va bu yana Misrda norozilik to‘lqinini keltirib chiqargan. Misr qadimiyatlari vazirligi yana YuNESKOga va XXR tashqi ishlar vazirligiga “soxta Sfinksni” olib tashlashni talab qilib murojaat qilishga tayyorligini ma’lum qilgan.
Izoh (0)