O‘zbekiston bosh vazirining sobiq birinchi o‘rinbosari Ismoil Jo‘rabekov va O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan irrigator Viktor Duxovniy muallifligida tayyorlangan maqolada mamlakat suv xo‘jaligi tizimidagi muammolar va ularning yechimi yuzasidan takliflar bildirilgan. “Xalq so‘zi” nashrida e’lon qilingan material qisqartirishlar bilan berilmoqda.
O‘zbekistonning suv xo‘jaligi faxriylari sifatida Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Qishloq va suv xo‘jaligida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonini o‘ta muhim hujjat, deb qabul qildik. U bilan Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Suv xo‘jaligi vazirligi tashkil etildi. Suv xo‘jaligi vazirligiga asos solinishi, mohiyatan qayta tiklanishi obihayotning zamonaviy dunyo va kelgusi taraqqiyotdagi beqiyos rolini chuqur anglashdan kelib chiqadi. Bunday anglash nafaqat davlat rahbari, balki Toshkent qishloq xo‘jaligi irrigatsiyasi va melioratsiyasi muhandislari institutida tahsil olgan mutaxassisga xosdir.1996-yili Suv xo‘jaligi vazirligi tugatilib, Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birlashtirildi. Ushbu qarordan keyin suv xo‘jaligi sohasida parchalanish boshlandi. Vazirlik katta ish hajmlarini yo‘qotdi, uni moliyalashtirish va xodimlar soni qisqardi. Ko‘plab melioratorlar ishsiz bo‘lib qoldi. Bunday qaror qabul qilinishining sababini tushuntirish qiyin: axir, idoraning vazifalari kamaygani yo‘q, aksincha, daryolar transchegaraviy bo‘lib qolishi natijasida ular yana ham murakkablashdi-da. Bir paytning o‘zida, boshqaruvning G‘arb usuliga moslashish zaruratini hisobga olish harakati boshlandi.
Shu maqsadda suv zaxiralarini davlat darajasida boshqarishning gidrogeografik tamoyiliga asos solgan “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. Mustaqillik yillarida Suv xo‘jaligi bosh boshqarmasi suv zaxiralari va suv xo‘jaligining qolgan imkoniyatlariga to‘liq egalik qilgani holda, ancha qisqartirilgan moliyaviy resurslar hamda davlatlararo suv taqsimotining yangi shartlariga moslashishga majbur bo‘ldi. U o‘zining sa’y-harakatlarini qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatish, shuningdek, suv yetkazib berish tizimini yirik gidrouzellarning o‘zgargan ish tartibiga muvofiqlashtirish kabi masalalarga qaratdi. Qo‘shni davlatlar hududida qurilgan suv omborlari va GESlar sug‘orish rejimidan energetik rejimga o‘tdi, bu esa yoz oylarida sun’iy ravishda suv tanqisligini keltirib chiqardi.
Yuzaga kelgan vaziyat mavsumiy suv omborlari qurish uchun katta miqdordagi kapital qo‘yilmalarni hamda rekonstruksiya ishlarining, asosan, xorijiy qarzlar hisobiga bajarilishini talab qildi. Natijada obihayotni nasos stansiyalari yordamida ko‘tarib berishdek qimmatga tushuvchi tadbirlar zarurati paydo bo‘ldi. Agar ilgari sug‘orish va kollektor-drenaj kanallaridan iborat ulkan tarmoqqa to‘liq texnik xizmat ko‘rsatilgan bo‘lsa, endi faqatgina magistrallardagi ta’mirlash ishlari bilan cheklanib qolindi.
Natijada avvallari O‘zbekiston irrigatsiyasi faxrlangan hamma narsa — quvurlar va lotoklardagi yangicha konstruksiyalar, gorizontal va vertikal yopiq drenaj Suv xo‘jaligi vazirligi tugatilishi oqibatida yomon ishlaydigan tizimga aylanib qoldi. Yopiq drenajni tozalash va profilaktika qilish ishlarining hajmi bir necha martaga kamaydi, ya’ni yiliga 3,5 ming kilometrdan faqat bir ming kilometrgacha qisqardi. Lotoklarni almashtirish va ta’mirlash borasida ham natijalar yomonlashdi. Ulardan foydalanish tizimining o‘zgarishi suv xo‘jaligi organlarining faoliyatini qiyinlashtirdi, buning ustiga tuman darajasidagi tashkilotlarda shtatlar jadvali bo‘yicha xodimlar soni kamaytirildi.
Ko‘pgina xo‘jaliklararo kanallar egasiz ariqlarga aylanib qoldi. Bunday vaziyat Suv iste’molchilari uyushmasi (SIU) deb nomlangan, fermerlarning ixtiyoriy ravishda kooperatsiyalashuvi shakliga zaruratni kun tartibiga chiqardi. Biroq afsuski, ularning huquqiy va tashkiliy maqomi bilan bog‘liq bir qator masalalar hal etilmay qoldi. Ushbu muammolar SIUni tarmoqdan to‘g‘ri foydalanish va uni yaxshilashga qodir bo‘lmagan, shunchaki zaif iste’molchilarga aylantirib qo‘ydi. Bunday sharoit 2000—2001-yillardagi qurg‘oqchilik oqibatida tarmoqning ishdan chiqishini yuzaga keltirdi. Suv xo‘jaligi tashkilotlari o‘rta hisobda 30 foizgacha kamayib ketgan obihayot hajmini teng taqsimlashni ta’minlay olmadilar. Bu esa o‘sha yillarda Qashqadaryo va Sirdaryo viloyatlari hamda Qoraqalpog‘istonda 350 ming gektar yerning sug‘oriladigan yerlar ro‘yxatidan chiqarilishiga sabab bo‘ldi. 2017-yilga kelib, ulardan yuz ming gektarga yaqininigina qayta tiklashga erishildi, xolos.
Yangi Suv xo‘jaligi vazirligiga o‘tgan 20 yillik davrdan meros sifatida o‘ta murakkab muammolar majmui tegdi. Ular magistral va xo‘jaliklararo kanal hamda inshootlarni boshqarishning beqarorligi, sug‘orish va drenaj tizimlarining texnik darajasi pasayib ketishi, sobiq ichki tarmoqning achinarli holatga tushib qolganida namoyon bo‘ldi. Ana shunday sharoitda imkoniyat ochib beruvchi yagona ijobiy omil — Prezident Shavkat Mirziyoyevning yangicha ichki va tashqi siyosati, shu jumladan, qo‘shni mamlakatlar bilan munosabatlarda mavjud bo‘lgan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan hamkorlikni mustahkamlash, mintaqaning suv zaxiralaridan oqilona foydalanish ustida birgalikda ishlashga intilishdir.
Mutaxassislar fikricha, 2018-yilda suv tanqisligi ro‘y berishi kutilmoqda. Shu bois kuchayib borayotgan suv inqirozini yengish uchun mintaqaning barcha mamlakatlari bir yoqadan bosh chiqarishi juda muhim. Mazkur jihatlarni hisobga olgan holda, keng ko‘lamli suv strategiyasini ishlab chiqish maqsadga muvofiq bo‘lardi. U 2035-yilgacha bo‘lgan davr uchun obihayotni tejash, shuningdek, oqova, kollektor-drenaj va yer osti suvlaridan iborat barcha zaxirani ishga solishni ko‘zda tutadigan sa’y-harakatlarni o‘z ichiga oladi. Bugungi kunda ana shu suvlarning foydalanilmayotgan zaxiralari 12 milliard kubometrdan ziyodni tashkil etmoqda.
Suv va yer zaxiralaridan samarali foydalanish uchun tahliliy tuzilmani rivojlantirish foydadan xoli emas, toki sohadagi mavjud ahvol chuqur o‘rganilib, uni o‘nglash choralari ishlab chiqilsa va bu chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur kapital mablag‘lar yo‘naltirilsa. Ushbu tuzilma ham respublika hukumati, ham donorlar tomonidan, eng asosiysi, mahalliy hokimliklar va tarmoq mutaxassislari tomonidan ham qo‘llab-quvvatlansa.
Suv xo‘jaligi organlarining mustaqilligini oshirish, avvalo, tuman bo‘g‘inlarining, ularda mehnat qilayotgan gidrotexniklar, gidrometrlar va malakali miroblarning faoliyatini kuchaytirishni taqozo etadi. Buning uchun hisobdorlik va nazorat hamda ishonch mexanizmlari ishlab chiqilishi lozim bo‘ladi. Ayniqsa, hisob-kitob ustuvor ahamiyat kasb etadi, chunki suv zaxiralarini boshqarish uchun aniq ma’lumotga ega bo‘lish juda muhim. Obihayotni hisobga olmay sarflayverish tarmoqda yo‘qotilayotgan hajm ko‘rsatkichlarini va foydali ish koeffitsiyentini buzib ko‘rsatadi. Shu bois hozir hamma joyda bu ko‘rsatkichlarni inventarizatsiya qilishning ayni vaqti. Negaki, ko‘pgina viloyatlarda hanuzgacha eskirgan va bugungi reallikka to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlar saqlanib kelyapti.
Sug‘orishning me’yor va jadvallarini qayta ko‘rib chiqish payti keldi. Axir shu kungacha amal qilib kelayotgan qoidalar 1980-yilda ishlab chiqilgan bo‘lib, ularda har bir gektarga sarflanadigan suvning miqdori juda oshirilgan. “Farg‘ona viloyatida suv zaxiralarini integratsiyalashgan usulda boshqarish” deb nomlangan loyiha doirasida normativlar aniqlashtirildi, bu hozirgi sharoitda suv sarfini 20 foizgacha qisqartirish imkonini beradi. Lekin nimagadir mazkur usul joriy etilganidan keyin besh yil o‘tgach, ishlar to‘xtab qoldi. Aslida, bu katta mablag‘ talab qilmaydigan, suvdan oqilona foydalanishga qaratilgan eng samarali tadbir bo‘lib, jamoatchilik ishtirokiga va suv iste’molchilarining tashabbuskorligiga asoslangan.
Myelioratsiya tizimi — barqaror dehqonchilikning asosi. Uni vena qon tomirlariga o‘xshatish o‘rinli, chunki tuzlar va ortiqcha suvlarni haydaydi. Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining tarkibida ko‘p yillar davomida gidrogeologik-melioratsiya ekspeditsiyalari mavjud bo‘lgan esa-da, ularning faoliyati butun suv xo‘jaligi kompleksi ishi bilan to‘liq ravishda bog‘liq bo‘lmagan. Sirasini aytganda, aynan o‘shalar yer osti suvlarining holati va yerlar sho‘rlanishi bo‘yicha olib boriladigan kuzatuvlar natijasiga qarab, drenajni davom ettirish va rivojlantirish ishlarini rejalashtiradilar. Buning uchun kuzatuv tarmog‘i o‘ta aniqlikda, mukammal asbob-uskunalar va masofaviy o‘lchov usullaridan foydalangan holda ishlashi kerak bo‘ladi.
Suvni iste’molchiga talab qilingan hajmda va kerakli paytda yetkazib berish Suv iste’molchilari uyushmalariga munosabatni o‘zgartirishni taqozo etadi. Ammo buning uchun Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan hamkorlik lozim. Yana parlament bilan ham hamkorlik zarur, chunki SIU bilan davlat-xususiy sheriklikni yo‘lga qo‘yish — davr talabi. Bunda davlat umumxalq mulki bo‘lgan obihayotdan oqilona foydalanish bo‘yicha o‘z huquq va majburiyatlarini qisman uyushmalarga o‘tkazadi, lekin shu bilan bir qatorda, ular tomonidan ushbu davlat funksiyalarining bajarilishini qo‘llab-quvvatlaydi.
Fikrimizcha, Suv iste’molchilari uyushmalari to‘g‘risidagi qonun ishlab chiqilishi kerak. Unda ana shu o‘zaro majburiyatlar, shu jumladan, iste’molchilardan (ya’ni tomorqa egalaridan ham) xizmat uchun to‘lovlarni yig‘ish huquqi, suv o‘lchagichlar o‘rnatish shartlari kabi masalalar ko‘rsatib beriladi. Suv xo‘jaligi vazirligi, shuningdek, SIU uchun mutaxassislarni tayyorlab berish vazifasini bajaradi. Sug‘oriladigan yerlarning hosildorligini oshirishda fermerlar uchun maslahat xizmati muhim o‘rin egallaydi.
Bu esa ekinlarni yetishtirishda texnologik tartibga aniq rioya qilish va ularni sug‘orishda suvni kam sarflash hisobidan ko‘proq mahsulot olishga imkon yaratadi. Viloyatlar va tumanlar bo‘yicha suv sarfi ko‘rsatkichlarida katta farq borligini aytib o‘tish joiz. Alohida joylarda umumrespublika ko‘rsatkichlaridan ancha ko‘p yo ancha kam suv sarflanadi. Demak, viloyatlar o‘rtasida bu borada tajriba almashishning tashkil etilishi maqsadga muvofiqdir.
Suv xo‘jaligi sanoati, ya’ni lotoklar, yopiq usulda yotqiziladigan quvurlar, kanallar chetiga teriladigan qoplama materiallar, polietilendan tayyorlangan drenaj quvurlari ishlab chiqaruvchi korxonalarni qayta tiklash sohasida katta ishlar kutib turibdi. Ta’mirlash-foydalanish ishlarini sanoat usulida olib borish tizimiga qaytish ham dolzarb. Bu, ayniqsa, kollektor-drenaj tarmog‘ini sho‘rlanish va loyqalanishdan saqlash maqsadida profilaktika olib borish, lotoklar va quvurlarni ta’mirlash, suv o‘lchagichlar va boshqa asbob-uskunalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga tegishli.
Nasos stansiyalaridan foydalanish tizimi ham qayta ko‘rib chiqilishi kerak, chunki bu yerda avtomatlashtirish, suv va elektr energiyasi sarfini kamaytirish uchun katta imkoniyatlar mavjud. Umuman, O‘zbekiston avtomatika vositalarini, magistral va davlatlararo suv tarmoqlarida SCADA (avtomatik nazorat va doimiy kuzatuv) tizimini joriy etishda birinchilardan bo‘lgan edi. Ayni vaqtda bu ishlar bir oz to‘xtab qoldi. Aslida, aynan ana shu omil suv iste’molchilari o‘rtasidagi shaffoflik va ishonchni orttirish, samarasiz yo‘qotishlarni kamaytirishga xizmat qiladi.
Fikrimizcha, suvdan foydalanganlik uchun to‘lov to‘lashning iqtisodiy mexanizmini joriy etish vaqti keldi. Bunda to‘lov miqdori olingan suv hajmiga qarab belgilanadi, muhimi — ortiqcha sarf uchun tarif ortib boradi, tejab qolingan obihayot uchun esa imtiyoz va mukofotlar ko‘zda tutiladi.Faqat suvdan to‘lov evaziga foydalanishga o‘tishgina vaziyatni to‘g‘rilashga yordam beradi. Lekin markazlashgan suv uzatishni bazaviy moliyalashtirish tartibi saqlanib qolishi kerak, suv ta’minotiga ketadigan xarajatlarning bir qismi esa to‘lov tariflarini asoslash uchun xizmat qiladi.
Tabiiyki, suv xo‘jaligi inshootlaridan foydalanishga qaratilgan bu tizimda yuqori malakali, shuningdek, muhandislik, tashkiliy, iqtisodiy va ekologik tahlil, axborot texnologiyalari, shu jumladan, geografik axborot tizimi (GAS) va masofaviy asbob-uskunalar kabi yo‘nalishlarda zamonaviy usullarni egallagan mutaxassislarga talab katta. Davlat rahbari Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida yosh mutaxassislarni o‘qitish tizimini kuchaytirishga alohida e’tibor berdi. Endi abituriyentlar sonini ko‘paytirish kerak. Yana mutaxassislarning malakasini oshirish, sohada ishlab turgan xodimlarning har yili kamida beshdan bir qismini qayta tayyorlash lozim. Ayni vaqtda bir yilda o‘rtacha ming nafar xodim qayta tayyorlashdan o‘tayapti, bugungi kungacha 2 200 nafari o‘qitildi.
Yangi tashkil etilgan vazirlik ilm-fan bilan birga ishlashga, ya’ni ilm-fanga vazifa berish, uni tinglash va unga yordam berishga o‘rganishi kerak. Hukumat ilmiy tashkilotlar, xususan, butun dunyoda nufuzga ega bo‘lgan DMSK Ilmiy-tekshirish markazini moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash uchun imkoniyat topishiga umid qilamiz.
Suv xo‘jaligi va melioratsiya hamisha taraqqiyot bayroqdori bo‘lgan. Sohaning nufuzi qayta tiklanishi lozim. Melioratsiya kuni ta’sis etilishi ham shu olijanob kasbning ahamiyati ortishiga xizmat qilgan bo‘lar edi.
Agar ilg‘or tajribaga murojaat qiladigan bo‘lsak, respublikada yana 2-2,5 million gektar yerni faqat o‘z zaxiralarimiz hisobidan sug‘orish, iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq xavf-xatarlardan qo‘rqmaslik uchun imkoniyatlar paydo bo‘ladi.
Izoh (0)