May oyining so‘nggi haftasi ro‘y bergan tuz bo‘ronlari Xorazm viloyati hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasining o‘simliklari va ekinlariga jiddiy zarar yetdi. Tabiiy ofat asoratlarini bartaraf etish ishlarida qatnashayotgan Innovatsion rivojlanish vazirligi bir guruh mutaxassis va olimlarni Xorazm viloyatiga safarbar etdi. Bu haqda “Daryo”ga vazirlik matbuot xizmati ma’lum qildi.
Xorazm viloyatining Xonqa tumanida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Innovatsiya vazirligi guruhi yer uchastkalari zarar ko‘rgan fermerlar uchun maxsus seminar tashkil etib, amaliy yordam ko‘rsatish choralarini belgiladi. Vazirlik ishchi guruhi o‘zlari bilan olib kelgan “Biosolvent” va “DAG-1” preparatlari va ulardan foydalanish tartibi haqida tushuncha berdi.
Ushbu preparatlar o‘zbek olimlari tomonidan yaratilgan. Polimer kompozitsiyali “Biosolvent” kam miqdorda suvdan foydalangan holda tuproqni zararli ionlar va zaharli hamda erishi qiyin bo‘lgan tuzlardan tozalash xususiyatiga ega. O‘simliklarga purkaladigan DAG-1 preparati esa biologik faol modda bo‘lib, o‘simliklarning immun mexanizmlarini rag‘batlantirish va boshqarish orqali patogenlarga chidamliligini oshiradi.
Fermerlar bilan savol-javob tarzidagi seminardan so‘ng, amaliy jarayonga o‘tildi. Ya’ni suv purkovchi traktorga 600 litr aralashma qo‘yilib, 2 gektar yerga sepib chiqildi. Olib borilgan preparatlarning qolgan qismi fermerlarga tarqatildi. Bundan tashqari, 27-may kuni bo‘lib o‘tgan tuz bo‘ronidan keyingi tuproq va o‘simliklardan namuna olindi.
Mazkur namunalar Innovatsiya vazirligi qoshidagi Ilg‘or texnologiyalar markazida o‘rganilganidan so‘ng, yangi preparatlar yaratish ustida ish olib boriladi.
Izoh (0)