9-may, Xotira va qadrlash kuni urush yillarida 15 bolani asrab olgan temirchi Shoahmad Shomahmudov oilasi yodgorligi o‘zining avvalgi o‘rni — Xalqlar do‘stligi maydonida ochildi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar bermoqda.
Soat 13:00 da — yodgorlikning ochilish vaqtida maydon atrofiga ikki yuzga yaqin kishi to‘plandi. Ko‘plar yodgorlik poyiga qo‘yish uchun gullar bilan keldi.
Xalqlar do‘stligi saroyi qarshisida 1982-yilda o‘rnatilgan yodgorlik 2008-yilda shahar chetiga ko‘chirilgan edi. Saroy “Istiqlol”, Xalqlar do‘stligi ko‘chasi va shu nomdagi metro bekati “Bunyodkor”ga o‘zgartirildi.
O‘tgan yili yodgorlik “Do‘stlik” bog‘iga (sobiq Bobur bog‘i), bu yil bahorda esa prezident tashabbusi bilan dastlabki o‘rniga qaytarildi. Saroy va metro bekatiga ham eski nomi qaytarildi.
Yodgorlik ochilishi arafasida “Xalqlar do‘stligi” metro bekati yaqinidagi avtobus bekati qaytadan qurildi.
Bekat quyosh panellari, avtobuslar harakati jadvali aks ettirilgan elektron peshlavha, konditsioner, to‘lovlarni qabul qilish uchun terminallar hamda mobil uskunalarni quvvatlash uchun USB-portlar bilan ta’minlandi.
Izoh (0)