AQSh Mudofaa vazirligining fikricha, xalqaro koalitsiya Suriyaga berilgan aviazarbalar davomida kerakli nishonlarning barini yo‘q qilishga muvaffaq bo‘lgan. Bu haqda, Meduza’ning xabar berishicha, Pentagon vakillari Dana Uayt va general Kennet Makkenzi ma’lum qilgan.
Amerika harbiylarining ma’lumotlariga ko‘ra, 14-aprelga o‘tar kechasi Suriyadagi uch nishonga jami 105 ta raketa otilgan. Bunga javoban Suriya harbiylari “yer-havo” tasnifidagi 40 ta raketa uchirgan. General Makkenzi Suriyaning aviazarbalar vaqtidagi mudofaalanishga urinishini samarasiz deb atadi.
Pentagonning fikricha, Amerika aviazarbalari Suriyaning kimyoviy qurol ishlab chiqarish dasturini rivojlantirish bo‘yicha qobiliyatlarini bir necha yil ortga surib yuborgan.
14-aprelga o‘tar kechasi AQSh, Buyuk Britaniya va Fransiya Suriyadagi bir necha nishonga aviazarbalar berdi; ta’kidlashlaricha, zarbalar Suriyada kimyoviy qurol ishlab chiqarish dasturi uchun jalb etilgan obyektlarga qarshi qaratilgan edi. Ushbu jangovar operatsiya Suriyaning Duma shahrida hukumat kuchlari tomonidan kimyoviy qurol vositasida hujum amalga oshirilgani, buning oqibatida 70 kishi halok bo‘lgani haqidagi xabarlarga javob bo‘ldi.
Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Suriya havo hujumidan mudofaa kuchlari xalqaro koalitsiya harbiylari tomonidan otilgan 100 dan ziyod qanot raketalardan 71 tasini tutib qolishga muvaffaq bo‘lgan.
Izoh (0)