O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, “O‘zbekiston doirachilari” jamoat birlashmasi raisi Dilmurod Islomov 71 yoshda vafot etdi. Bu haqda 8-avgust kuni Madaniyat vazirligi xabar berdi.

Dilmurod Islomov 1954-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1968-yildan boshlab “Shodlik” ansamblida faoliyat yuritgan. Ansamblda 37 yildan ortiq ishlagan davrida yuzlab mamlakatlarda konsertlar berib, O‘zbekiston madaniyatini targ‘ib qilgan. 2014-yildan beri Sanʼat va madaniyat institutida o‘qituvchi sifatida faoliyat yuritib kelgan.
Marhum ukalari, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Elmurod va Xolmurod Islomovlar bilan doira sanʼati bo‘yicha mashhur uchlik bo‘lgan.
“Yoshligimizda birinchi bo‘lib Dilmurod akam doira to‘garagiga borgan. Keyin biz ham ortidan ergashganmiz. To‘garakka qatnay boshlagach doira sanʼatiga qattiq qiziqdik va shu yo‘ldan ketdik”, deya xotirlagan Xolmurod Islomov.
Dilmurod Islomov o‘z ijodiy faoliyati davomida ko‘plab sanʼat darg‘alariga doirada jo‘r bo‘lgan. Jumladan, O‘zbekiston xalq artistlari Tavakkal Qodirov, Faxriddin Umarov, Karim Zokirov, Nuriddin Haydarov, Sherali Jo‘rayev, G‘ulomjon Yoqubov kabi mahoratli sanʼatkorlar bilan hamkorlik qilgan.

Dilmurod Islomov “Zarb ko‘rik-tanlovi” va “Doirachilar festivali” asoschisi hisoblanadi. Cholg‘u ustasi tomonidan doira sanʼati bo‘yicha 2014-yilda “Ustozlardan doira saboqlari” to‘plami, 2015-yilda “Maxsus cholg‘u (doira usullari: ustozlar saboqlari)” o‘quv qo‘llanmasi yaratilgan. Shu bilan birga, “Moziydan sado” monografiyasi va bir qancha ilmiy maqolalari milliy va xorijiy jurnallarda nashr qilingan. Madaniyat vazirligi mazkur asarlar yosh ijrochilarni ustozlar merosidan xabardor qilganini qayd etgan.
Dilmurod Islomov 2020-yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan.
Dilmurod Islomov doira sanʼatining jonkuyar ustoz sanʼatkori va samimiy inson sifatida barchamizning qalbimizda mangu yashaydi. Madaniyat vazirligi jamoasi Dilmurod Islomovning oila aʼzolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi, deyiladi vazirlik ta’ziyasida.
Avvalroq mashhur bastakor Sultonali Rahmatov 55 yoshida vafot etgani xabar qilingandi
Izoh (0)