O‘zbekiston mehnat bozorida ish beruvchilar va talabgorlarni bir-biri bilan bog‘lash maqsadida yangi raqamli platforma yaratiladi. Bu vazifa joriy yil 4-avgust kuni qabul qilingan prezident farmonida belgilangan.

Elektron platformani rekruterlar bilan hamkorlikda ishlaydigan mutaxassislardan iborat “Loyiha guruhi” yuritadi. Loyihani yuritishga Bandlik vazirligi mas’ul bo‘ladi.
Platformaga istalgan korxona bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi maʼlumotlarni joylaydi. Ish izlayotgan fuqarolar esa o‘z tarjimayi holini (rezyume) kiritadi.
Keyin Bandlik vazirligi mutaxassislari platformaga kelib tushgan so‘rovlarni saralashdan o‘tkazib, ish beruvchiga munosib nomzodlarni taklif qiladi. Ish beruvchi talabgor bilan suhbatlashib, mustaqil ravishda qaror qabul qiladi.
Platforma bepul xizmat ko‘rsatadi. U dastlabki bosqichda Toshkent shahrida joriy etilib, keyinchalik butun respublika bo‘ylab tatbiq qilinadi.
Avvalroq yuqoridagi farmonga asosan 2025-yil 1-noyabrdan ishsizlik nafaqasi to‘lash tartibi o‘zgarishi xabar qilingandi.
Izoh (0)