AQShning Suriyaga birinchi zarbasi Damashqdagi tadqiqot markaziga, ikkinchisi esa kimyoviy qurollar omboriga yo‘naltirildi. AQShning bayonotiga ko‘ra, mazkur omborda zarrin saqlanadi. Bu haqda AQSh shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasining vakili Jozef Danfordga tayanib, “RIA Novosti” xabar berdi.
Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp mamlakat aholisiga murojaat qilib, Suriyaga zarba berilishi haqida e’lon qilgan edi. Keyinroq zarba berilishini Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Mey, shuningdek, Fransiya prezidenti ma’muriyati ham tasdiqlagan.
Amerikalik generalning ma’lum qilishicha, zarba berilgan va vayron qilingan nishonlar Suriya rejimining kimyoviy qurol dasturi bilan bog‘liq. Uning so‘zlariga ko‘ra, Damashqdagi ilmiy-tadqiqot markazi harbiy obyekt bo‘lib, Suriya hukumati unda kimyoviy va biologik qurol ustida ish olib borgan.
Pentagon tomonidan ma’lum qilinishicha, boshqa ikkita obyekt, ya’ni Xomsdan g‘arbda joylashgan nishonlar kimyoviy qurol omborlari hisoblanadi.
Izoh (0)