Hindistonda jarrohlar erkak kishining 1,8 kg og‘irlikdagi miya shishini olib tashladi, deb yozadi “Gazeta.ru” mahalliy OAVlarga tayanib.
Shish 31 yoshli Santal Palda uch yil avval paydo bo‘lgan va juda tez o‘sib borgan. Bungacha erkak uchta kasalxonaga murojaat qilgan, ammo shifokorlarning hech biri operatsiya o‘tkazishga rozi bo‘lmagan. Shish tufayli u ko‘rish qobiliyatidan ajralgan, ammo shifokorlar u endi yana ko‘ra boshlashiga umid qilmoqda. Jarrohlik aralashuvisiz shish to‘liq falajlikka va miya shikastlanishiga olib kelgan bo‘lardi.
“Sog‘ayish — vaqtga bog‘liq masala, ammo bemorga endi hech narsa xavf solmayapti, — deydi neyrojarroh Trimurti Nadkarni. — Bunday tibbiy hodisalar o‘ta muhim”.
Shifokorlar qayd etishicha, bu shish dunyodagi eng yirigi bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Olti soatlik operatsiya 14-fevral kuni Mumbaydagi kasalxonada bo‘lib o‘tgan edi, ammo shifokorlar u muvaffaqiyatli kechganiga ishonch hosil qilmasdan oldin u haqda xabar berishdan cho‘chigan.
Izoh (0)