Yangi fransuz oshxonasining asoschi deb hisoblanadigan fransiyalik oshpaz Pol Bokyuz vafot etdi. Meduza’ning xabar berishicha, u 91 yoshda edi.
“Mesye Pol Fransiyaning o‘zi edi”, — dedi Fransiya ichki ishlar vaziri Jerar Kollon. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron esa mamlakatning barcha oshpazlari hozir “o‘z oshxonalarida yig‘layotganliklari”ni ma’lum qildi.
https://twitter.com/gerardcollomb/status/954687723360739328
1960-yillardan boshlab tanqidchilar e’tiboriga tushgan yangi fransuz oshxonasi taom tayyorlashda oddiylikka intilishi, unda mavsumiy mahsulotlardan foydalanilishi, shuningdek, tuzash (servirovka)ga alohida e’tibor qaratishi bilan ajralib turadi. Bu yo‘nalish jahon kulinariyasidagi eng nufuzlilaridan biriga aylangan; Bokyuz esa mazkur yo‘nalishning asosiy vakillaridan biri sanalardi.
AFP’ning yozishicha, Pol Bokyuz 40 yildan ziyod vaqt davomida Michelin jurnalining eng yuqori — uch yulduzini qo‘lga kiritib turgan fransiyalik yagona shef-oshpaz edi. U 1975-yili Faxriy legion ordeni bilan taqdirlangan.
Izoh (0)