28-dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlarning foydalanuvchilari va bir qator internet-nashrlar Toshkentdagi “Do‘mbirobod” masjidi imom-xatibi Shermurod Tog‘ayga asoslanib, o‘zbekistonlik ziyoratchilar uchun Haj narxi 45 million so‘m bo‘lgani haqida xabar berdi.
Xabar berishlaricha, imom Haj ziyorati uchun to‘lov qiymatining oshishini O‘zbekistonda valyuta konvertatsiyasi ochilib, “qora bozor” va rasmiy davlat kursi bir xillashtirilgani bilan izohlagan.
Shermurod Tog‘ay bu haqda Facebook’da xabar qoldirgani aytilmoqda. 29-dekabr holatiga ko‘ra, internet-nashrlar ulashgan havola bo‘yicha Facebook’da hech qanday axborot yo‘q. Shunga qaramay, imom-xatib tomonidan tarqatilgani aytilayotgan axborot shov-shuv ko‘tarishga ulgurgan.
“Daryo” mazkur masala yuzasidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitadagi manbalarga murojaat qildi.
Har ikkala tashkilot vakillari Haj ziyorati uchun to‘lov miqdori oshirilgani haqidagi gap-so‘zlar asossiz ekani, bu haqda yaqin vaqt ichida rasmiy axborot berilishini ma’lum qildi.
Izoh (0)