Nyu-Yorkdagi uyida ro‘y bergan yong‘in oqibatida ona va uning uch nafar bolasi halok bo‘ldi. Bu haqda New York Post xabar bermoqda.
Yong‘inga oila boshlig‘i Yozef Azan tomonidan yoqilgan xanukiya sabab bo‘ldi. U turmush o‘rtog‘i va 6 nafar bolasi yahudiylar bayrami — Xanukaning oltinchi kechasini nishonlagandi. Uxlashdan avval olovni o‘chirmaganlari sababli parda alanga oldi, so‘ng olov divan va gilamga tutashdi.
Uyg‘onib ketgan Yozef 16 yoshli qizi Shalit va 15 yoshli o‘g‘li Danielni qutqarishga ulgurdi. Ular yuqori qavatdan o‘zini pastga otdi va og‘ir holatda kasalxonaga yetkazildi. Yana bir o‘g‘il — 13 yoshli Avraam amakivachchasi bilan birinchi qavatda tunagandi. Ular yong‘in signalizatsiyasi ovozini eshitib, ko‘chaga yugurib chiqdi va omon qoldi.
Xabar gazetada e’lon qilingan payt Yozef Azan hushsiz holatda edi. Uning turmush o‘rtog‘i va uch farzandi jasadi qaynotasi istiqomat qiladigan Isroilga jo‘natildi.
Izoh (0)