Xitoyda odamlar anomal issiqdan metroda o‘tirib saqlanmoqda. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, Xitoyning janubi-g‘arbidagi Chuntsin megapolisi kuchli jaziramaga duch kelgan. 32 million aholisi bo‘lgan shaharda bir haftadan beri havo harorati 40 darajadan yuqori bo‘lmoqda. 3-avgust kuni harorat 44 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda. Shu sababli shaharning 38 ta tumanidan 21 tasida ob-havo xavfining qizil darajasi e’lon qilingan.
Bunday ob-havo tufayli shahar aholisi issiqdan qochishning g‘alati usullarini topmoqda. Shulardan biri - salqin metro vestibyullari bo‘lib, u yerda keksalar karta o‘ynash va suhbatlashish uchun to‘planishmoqda.
“Kecha kechqurun uyimdagi konditsioner 17 darajaga qo‘yilgan bo‘lsa-da, baribir issiq edi”, deydi 60 yoshli Lyu Fenin. U boshqa nafaqaxo‘rlar bilan birga salqin jamoat joyida yashiringan.
Ba’zi mahalliy aholi issiqdan boshqacha usulda qochishni ma’qul ko‘rmoqda. Masalan, odamlar tabiiy sovitish tizimiga ega restoranlarga aylantirilgan eski bombapanagohlarda kechki ovqat yeyishmoqda. U yerda maxsus “xogo” — achchiq Chuntsin sho‘rvasi taklif etiladi.
“Biz mahalliy aholimiz, bundan ham battarini ko‘rganmiz. Biz uchun 40 daraja - xoh sho‘rva, xoh ob-havo bo‘lsin, farqi yo‘q”, deya hazillashadi shunday restoran mijozlaridan biri Syu Syanxuey.
Bundan avval 23-iyundan 2-iyulgacha bo‘lgan davrda Yevropani qamrab olgan kuchli issiqlik to‘lqini tufayli mintaqaning 12 shahrida taxminan 2,3 ming aholi vafot etgan bo‘lishi mumkinligi xabar qilingandi.
BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishning ma`lum qilishicha, so‘nggi 20 yil ichida 65 yoshdan oshgan odamlarning havo harorati ko‘tarilishi bilan bog‘liq o‘limi 85 foizga oshgan.
Izoh (0)