Smitson institutining Amerika tarixi muzeyi o‘z ekspozitsiyasidan Donald Trampga nisbatan amalga oshirilgan ikki marta impichment urinishi haqidagi ma’lumotni chiqarib tashladi. Bu haqda The Washington Post gazetasi xabar bermoqda.

“Iyul oyida Smitson institutining Milliy Amerika tarixi muzeyi prezident Donald Trampning ikkita impichmenti haqidagi ma’lumotlarni ko‘rgazmadan olib tashladi”, deyiladi nashrda.
Ta’kidlanishicha, ekspozitsiyaning ushbu qismi 1868-yilda prezident Endryu Jonsonga, 1974-yilda Richard Niksonga va 1999-yilda Bill Klintonga nisbatan o‘tkazilgan impichment jarayonlari haqidagi ma’lumotlarni saqlab qolgan holda 2008-yilgi holatiga qaytarilgan.
Ushbu xabar e’lon qilinganidan so‘ng, Smitson instituti “kelajakdagi yangilangan ekspozitsiyada impichmentning barcha holatlari aks ettirilishini” ma’lum qilgan.
Institut vakillarining tushuntirishicha, “Amerika prezidentligi: buyuk mas’uliyat yangilanishga muhtoj” ko‘rgazmasidagi “Prezident hokimiyati chegaralari” bo‘limi nafaqat impichmentni, balki boshqa mavzularni ham qamrab oladi. Bu mavzular o‘sha paytdan beri yangilanmagani sababli, “impichment bo‘limini 2008-yilgi versiyasiga qaytarishga qaror qilingan”.
Tramp ikki marta impichment e’lon qilingan yagona AQSH prezidenti hisoblanadi. Birinchi marta 2019-yilda Tramp hokimiyatni suiiste’mol qilganlikda va kongress ishiga to‘sqinlik qilganlikda ayblangan. Senatorlarning ta’kidlashicha, prezident Ukrainaga harbiy yordam to‘lovini kechiktirishga uringan, bu orqali uning hukumati 2020-yilgi prezidentlik saylovlaridagi ehtimoliy raqibi — demokrat Jo Baydenga qarshi tergov ochishiga erishmoqchi bo‘lgan. Senat uni 2020-yilda oqlagan.
Trampga ikkinchi marta impichment 2021-yil 6-yanvarda Kapitoliyga bostirib kirishdan so‘ng isyonga undagani uchun e’lon qilingan. Tramp muddati tugaganidan keyin yana oqlangan.
Izoh (0)