6-dekabr kuni Avstriyaning Vena shahrida birinchi O‘zbekiston-Yevropa ipak forumi bo‘lib o‘tdi, deb yozadi “Gazeta.uz”. Tadbir “O‘zbekipaksanoat” assotsiatsiyasi tomonidan O‘zbekistonning Avstriyadagi elchixonasi hamkorligida tashkillashtirildi.
Forumda Italiya, Ispaniya, Germaniya, Avstriya, Vengriya, Slovakiya, Rossiya, Turkiya va boshqa mamlakatlardan ipak mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi kompaniyalar qatnashdi.
Forum doirasida O‘zbekistondagi yetakchi ipak ishlab chiqaruvchilari — “Buxoro Brilliant Silk” va “Surxon ipagi” kompaniyalari mahsulotlari yarmarkasi bo‘lib o‘tdi. Bundan tashqari, o‘zbekistonlik dizaynerlar ipakdan an’anaviy va zamonaviy kiyim-kechaklar namoyishini tashkil qildi.
Forum yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistondan Avstriya, Italiya, Vengriya va Slovakiyaga ipak mahsulotlari eksporti masalalari ustida ishlash haqida kelishuvlarga erishildi.
Bundan tashqari, “O‘zbekipaksanoat” qator xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda bosh qarorgohi Toshkentda bo‘ladigan “Markaziy Osiyo-Yevropa ipak assotsiatsiyasi” maxsus platformasini yaratish ustida ishlashni boshlaydi.
Izoh (0)