O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifini ommaviy axborot vositalarida keng yoritish maqsadida Seul shahrida zamonaviy Matbuot markazi tashkil etilib, faoliyatini boshladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Koreya Respublikasiga davlat tashrifini yoritish bo‘yicha maxsus matbuot markazi xabar berdi.
Matbuot markazi eng zamonaviy texnikalar bilan jihozlangan bo‘lib, unda 25 nafar malakali jurnalistlar, media-ekspertlar, tasvirchi va fotograflar faoliyat ko‘rsatmoqda.
Matbuot markazining asosiy maqsadi – Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifini barcha ommaviy axborot vositalarida, jumladan, internet ommaviy axborot vositalarida keng yoritish, tashrif bilan bog‘liq voqealarga oid ma’lumotlarni mass medianing barcha tarmoqlariga ishonchli va tezkor ravishda yetkazib berishdan iborat.
Bundan tashqari matbuot markazida MTRKning “O‘zbekiston 24” telekanali muxbirlari onlayn rejimida Seul bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga chiqadilar. Unda tashrif doirasidagi muhim uchrashuvlar, muzokaralar, hujjatlar imzolash marosimlari haqida reportajlar berib boriladi. Shuningdek, O‘zbekiston va Janubiy Koreya rasmiy delegatsiyalarining vakillari bilan intervyular efirga uzatiladi.
Izoh (0)