Eron g‘arbidagi Kirmonshoh viloyatida ro‘y bergan kuchli zilzila qurbonlari soni 407 kishiga yetdi, 6,7 ming kishi jabrlandi. Bu haqda Eron favqulodda vaziyatlar xizmati boshlig‘ining o‘rinbosari Behnom Sayyodiy bayonot berdi, deb xabar qiladi “RIA Novosti”.
Muqaddam qurbonlari soni 370 kishidan oshgani, 2,5 mingdan oshiq odam jabrlangani xabar qilingan edi.
Eron prezidenti Hasan Ruhoniy Ichki ishlar vazirligiga zarar ko‘rgan hududlar aholisini barcha zarur narsalar bilan ta’minlash haqida ko‘rsatma berdi. Shuningdek, u tabiiy ofat oqibatlarini muhokama qilish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Zilzila Bag‘doddan 204 kilometr shimoli-sharqda, Eronning Kirmonshoh shahridan esa 104 kilometr g‘arbda yuz bergan. Yerosti silkinishlari o‘chog‘i 10 kilometr chuqurlikda bo‘lgan. Zilzila magnitudasi epitsentrda 7,3 ni tashkil etgan.
Izoh (0)