Sofiya ismli ayol robotga Saudiya Arabistoni fuqaroligi berilishi haqidagi qaror jamoatchilik tanqidiga uchradi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar bermoqda.
Muqaddam Saudiya Arabistoni robotga fuqarolik taqdim etgan birinchi davlat bo‘lgani xabar qilingan edi.
Mamlakatda ayol fuqarolar hijob o‘rab yurishi va arab tilini bilishi talab etiladi. Shu bois hijob o‘ramaydigan va arab tilini bilmaydigan robotga fuqarolik taqdim etilishi mahalliy aholi vakillarining e’tirozlariga sabab bo‘ldi.
Bundan tashqari, mamlakatda ayollar biror vasiy erkak hamrohligida yurishi va ayrim ishlarni ularning ruxsati bilan bajarishi belgilangan. Sofiya esa hech qanday erkak vasiyligida emas.
Bundan tashqari, G‘arb davlatlari fuqarolari va ayrim Gollivud yulduzlari Saudiya rasmiylarini tanqid ostiga oldi. Twitter’da “Sofiya vasiylikni bekor qilishga chaqiradi” heshtegi mashhurlikka erishdi.
“Bu robotda fuqarolik bor, ammo odamlar haliyam boshqa odamlarni qonundan tashqari deb hisoblaydi”, — deb yozdi o‘z mikroblogida aktrisa Rozario Douson.
“Saudiya Arabistoni robot Sofiyaga fuqarolik bergani, unda bu yerdagi ayollardan ko‘ra huquq ko‘proq ekanligi g‘alati emasmi?”, — deb savol beradi Twitter’ning yana bir foydalanuvchisi — Irishsweets.
“Bir kuni Sofiyaga aylanib, o‘z huquqlarimga ega chiqmoqchiman”, — deb yozdi saudiyalik foydalanuvchi Indeed.
Izoh (0)