Ukrainada bir yil ichida ikki marta yaralanishga ulgurgan Adam Osmayev hujum tafsilotlari haqida gapirib berdi. “LB.ua” nashriga bergan intervyusida u rafiqasi Amina Okuyeva voqea joyida halok bo‘lganiga aniqlik kiritdi.
“Atrofimda hamma narsa har tarafga uchib, sochilik ketdi. Men qo‘limdan kelganicha yurib bordim, chunki o‘q dvigatelga tekkan edi va mashina to‘xtab qoldi. Aminaga birinchi yordam ko‘rsatishga urindim, ammo o‘q uning boshiga kelib tekkandi”, — dedi u.
Osmayevning qo‘shimcha qilishicha, u hodisani o‘ziga va xotiniga nisbatan suiqasd deb hisoblaydi, u otishmada ma’lum bir terrorchilik guruhi izini ko‘rayotganini aytdi.
30-oktabr kuni Kiyev viloyatidagi Glevaxa qishlog‘i yaqinida temir yo‘lni kesib o‘tish joyida Osmayev boshqarib ketayotgan avtomobil noma’lum kimsalar tomonidan o‘qqa tutildi. Bu Osmayevning ikkinchi marta o‘q yomg‘iri ostida qolishi — 1-iyun kuni jurnalist qiyofasidagi killer u bilan “intervyu” uyushtirish chog‘ida unga qarata to‘pponchadan o‘q uzgan edi.
Osmayev 2012-yil boshida asli qozog‘istonlik sherigi Ilya Pyanzin bilan birgalikda terakt tayyorlashda ayblanib, Odessada qo‘lga olingan. Keyinroq Osmayev Vladimir Putinga suiqasd tayyorlaganini tan olgan. Pyanzin Rossiyaga ekstraditsiya qilingan bo‘lsa, Osmayevning advokatlari Yevropa Inson huquqlari sudiga murojaat qilib, uni Ukraina hududida olib qolishga muvaffaq bo‘lgan edi. 2014-yil noyabrida Odessa sudi Osmayevni hibsdan ozod qildi.
Izoh (0)