Teleboshlovchi Kseniya Sobchakning shtabi Rossiyada 2018-yilgi prezidentlik saylovida uni nomzod sifatida ilgari surishning 3 variantini ko‘rib chiqmoqda. Bu PARNAS yoki “Grajdanskaya initsiativa” partiyalaridan nomzod, shuningdek, mustaqil nomzod sifatida qatnashish imkoniyatlaridir, deya xabar beradi “RBK”.
“PARNAS chindan ham imzolar to‘plash jarayonini yengillashtirgan bo‘lardi. Biroq hozirda partiya bilan muzokaralar olib borilayotgani yo‘q”, — dedi teleboshlovchi shtabi rahbari Igor Malashenko.
PARNAS raisi Mixail Kasyanov ham partiya Sobchakning shtabiga shunday taklif bilan chiqmagani, o‘z navbatida, teleboshlovchining vakillari ham partiyaga bu kabi taklif bilan murojaat etmaganini tasdiqladi.
“Grajdanskaya initsiativa” yetakchisi Andrey Nechayev Sobchak shtabi bilan nomzodni ilgari surish masalasida “dastlabki aloqalar” bo‘lganini tan oldi. Teleboshlovchi hozirda “ikki partiyadan birini tanlayotgani”, u esa “o‘z shartlarini tayyorlayotgani”ni bildirdi.
Siyosiy texnologiyalar mutaxassisi Aleksey Sitnikovga ko‘ra, Sobchak mustaqil nomzod sifatida o‘zini ilgari surishi ehtimoli “95 foizga teng” va bu “hozirgi kundagi ishchi variant”.
Jurnalist Anton Krasovskiy barcha variantlar teng ko‘rilayotgani, bu borada yakdil qarorga kelinmagani, muhokamalar davom etayotganini ma’lum qildi.
Izoh (0)