Human Rights Watch xalqaro huquqni himoya qilish tashkilotining ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarga rioya qilish — yangi siyosiy davrning belgisi bo‘lishi kerak, deb xabar berdi “Gazeta.uz”.
25-oktabr kuni HRW yetti yildan buyon birinchi marta bevosita O‘zbekiston ichida inson huquqlari bo‘yicha o‘tkazgan tadqiqotining xulosalarini e’lon qildi. Tashkilot Shavkat Mirziyoyev prezidentligining birinchi yilidayoq inson huquqlari himoyasi bo‘yicha vaziyatni yaxshilashga katta qadam tashlanganini qayd etdi va “ushbu qadamlarni tizimli islohotlarga aylantirish va ularga barqaror dinamikani berish”ga chaqirdi.
Tashkilot 2017—2021-yillar uchun Harakatlar strategiyasi dasturida inson huquqlarini himoya qilish darajasi xalqaro me’yorlarga tenglashtirilishi haqida so‘z borganligini, keng tarmoqli xalq qabulxonalarining yaratilganligini alohida ta’kidladi.
“Hukumat yangi siyosiy yo‘nalishning o‘zarmasligini ta’minlashi, inson huquqlari borasida xalqaro majburiyatlarga rioya etishda oldinga harakat qilishi kerak”, — deyiladi Human Rights Watch hisobotida.
Izoh (0)