“Mening yurtim” telekanali Toshkent viloyati Angren shahrining bir qismi — 13 ming aholi istiqomat qiluvchi Krasnogorsk shaharchasining kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati qoniqarli emasligiga e’tiborni qaratdi. Telekanalning bu haqdagi lavhasi YouTube’da e’lon qilingan.
Shaharchaning “Madadkor” shirkat xo‘jaligiga qarashli ko‘p qavatli turar joy binolarida 10 yildan beri issiqlik ta’minoti yo‘q, issiq suv esa berilmaydi. Telekanalga intervyu bergan aholi vakillari, issiq suv berilmasa ham, jamoat xammomi tashkil etishni so‘ragan.
“Issiq suv, issiqlik ta’minoti masalalariga kelsak, issiqlik ta’minotiga Toshkent viloyat “Issiqlik manbai” korxonasi mas’ul bo‘lib, ular qozonxonalarni buzib tashladi. Biz bu masala bo‘yicha bir necha bor murojaatlar qildik, lekin hech qanaqa ishlar olib borilmayapti”, — dedi Krasnogorsk hokimi Javlon Sarimboyev.
Qayd etishlaricha, Toshkentdan 50 kilometr masofada joylashgan bu shaharchada to‘rtta maktabgacha ta’lim muassasasi bo‘lib, ularning hech birida issiqlik ta’minoti yo‘q. Bog‘chalarning xonalari konditsionerlar yordamida isitiladi.
Izoh (0)