Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga mazkur tuman “Sarayko‘l” OFY mahalla posboni yozma ariza bilan murojaat qildi, deb xabar beradi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi matbuot xizmati.
Unga ko‘ra, “Sarayko‘l” OFYda yashovchi 189 nafar fuqaroning xonadoniga jami 56 875 313 so‘m qarzdorlik borligi haqida qarzdorlar ro‘yxati kelganligi, lekin ilgari ham Xo‘jayli tuman elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan bir necha bora asossiz qarzdorlik holatlari uchraganligi bois qarzdorlik ro‘yxatini o‘rganib chiqishni so‘ragan.
Mazkur holat Xo‘jayli tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan o‘rganib chiqildi. Aniqlanishicha, tumanning “Sarayko‘l” OFYsida yashovchi 189 nafar fuqarodan 141 nafar fuqaroga asossiz qarzdorlik yozilgan. Aslida esa mazkur OFYning 46 xonadonidagina elektr korxonasidan qarzi mavjud bo‘lgan. Natijada fuqarolar hisobiga yozilgan 56 875 313 so‘m qarzdorlik 4 292 202 so‘m ekanligi aniqlandi. Ya’ni 141 nafar iste’molchi foydasiga 1 kunda 52 579 111 so‘m hal qilindi.
Izoh (0)