O‘zbekiston IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi tomonidan Toshkent shahridagi Amir Temur hiyobonida shahar IIBB tayanch punktlari profilaktika inspektorlarini qasamyodga keltirish, ularga xizmat uylari va imtiyozli ravishda berilayotgan shaxsiy avtomashinalar kalitini tantanali topshirish marosimi o‘tkazildi. Bu haqda “Daryo”ga boshqarma matbuot xizmati ma’lum qildi.
Marosimda hukumat a’zolari, davlat boshqaruv organlari va vazirlik rahbariyati, jamoatchilik vakillari, profilaktika inspektorlari va ularning oila a’zolari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Prezidentining Farmoni asosida joylardagi profilaktika inspektorlari soni oshirilib, ular uchun qulay sharoitlarga ega bo‘lgan ichki ishlar organlari tayanch punktlari tashkil etildi.
Shuningdek, profilaktika inspektorlari nufuzini oshirish va vazifalarini samarali o‘tashlarini ta’minlash maqsadida o‘zlari xizmat qilayotgan hududdan oila a’zolari bilan yashashlari uchun barcha qulayliklarga ega bo‘lgan uylar ajratilmoqda.
Vazirlar Mahkamasi qaroriga asosan uzoq muddatli imtiyozli kredit asosida shaxsiy avtoulovlar olishlari uchun sharoit yaratildi.
Marosimda profilaktika inspektorlari O‘zbekiston xalqi va Prezidentiga sodiq bo‘lishga tantanali qasamyod qildi.
Izoh (0)