Meksikaning Tinch okeani sohillarida 8,0 magnitudali zilzila yuz berdi. Bu haqda AQSh Geologiya xizmati xabar bermoqda.
Zilzila epitsentri Pixixyapan shahridan 96 km janubi-g‘arbda, zilzila o‘chog‘i esa 35 km chuqurlikda joylashdi. Yerosti silkinishlari 23:49 (Toshkent vaqti bilan 09:49)da qayd etildi.
Qurbonlar va vayrongarchiliklar haqida hozircha ma’lum qilinmayapti. Meksika qutqaruv xizmatlari xabariga ko‘ra, bu zilzila minglab kishilar halokatiga sababchi bo‘lgan 1985-yilgi zilziladan buyon eng kuchlisi bo‘lgan.
Tinch okeani sunami haqida ogohlantirish markazi mintaqada sunami xavfi borligini e’lon qildi. Tabiiy ofat zarbasiga Meksika qirg‘oqlari ham, Gonduras, Nikaragua, Gvatemala, Salvador, Kosta-Rika, Panama va Ekvador kabi qo‘shni mamlakatlar sohillari ham duchor bo‘lishi mumkin.
Izoh (0)