AQShda yuz bergan “Xarvi” to‘foni oqibatida Dikinson shahridagi La Vita Bella nomli qariyalar uyini suv bosdi. Holat aks etgan suratda qariyalar suvga to‘lgan xonada o‘tirganini ko‘rish mumkin. Bu haqda Meduza xabar berdi.
Surat 27-avgustda dastlab Twitter’da paydo bo‘lgan. Foydalanuvchilar qutqaruvchilarni tezroq yetib borishga va qariyalarga yordam berishga chaqirgan. Xabar berilishicha, kunning oxiriga borib surat 2400 martadan ko‘proq ulashilgan.
Fotosurat va original tvit muallifi Timoti Makintosh ismli foydalanuvchi bo‘lib chiqqan. Uning mahalliy gazetaga ma’lum qilishicha, qariyalar uyi uning qaynonasi Trudi Lampsonga tegishli. Makintoshning xotini Kemberlining aytishicha, muassasa suv ostida qolgan va hamma qutqaruvchilar kelishini kutgan.
Ba’zi foydalanuvchilar fotosuratda “Xarvi” to‘foni oqibatida yuz bergan toshqin aks etganiga shubha qilgan, biroq suratning haqiqiyligi qutqaruv operatsiyasi davomida tasdiqlangan. Dikinsondagi operatsiya koordinatori Devid Popoffning jurnalistlarga aytishicha, qutqaruvchilar La Vita Bella qariyalar uyiga yetib borgan va qariyalarni vertolyot yordamida evakuatsiya qilgan. Uning tasdiqlashicha, qutqarilganlar orasida Timoti Makintosh tomonidan olingan suratga tushganlar ham bo‘lgan.
Uydan jami 18 kishi, shu jumladan 15 nafar qariya qutqarilgan.
Izoh (0)