Buxoro va Navoiy viloyatlarining chekka hududlarida istiqomat qiluvchi aholini yuqori malakali tor soha mutaxassislari ishtirokida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklardan o‘tkazish maqsadida “Salomatlik“ poyezdlari Toshkent shahridan jo‘nab ketdi. Bu haqda “Daryo”ga Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Har ikki hududda ham 25-iyul, seshanba kuni ixtisoslashtirilgan markazlar direktorlari boshchiligida 10 ga yaqin tor mutaxassisdan iborat guruhlar o‘z ishini boshladi. Ularning tarkibi respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari, ilmiy-tekshirish institutlari, respublika klinik shifoxonalarining yetakchi olimlari, tibbiyot fanlari doktorlari va yuqori malakali shifokorlaridan tashkil topgan.
Tibbiy ko‘riklarda har bir bemorga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, to‘shakda yotib qolgan qariyalar va bemorlar holidan zarur tibbiy asbob-uskunalar bilan uyiga borib xabar olinmoqda.
Ko‘riklar natijasida aniqlangan bemorlarning ambulator sharoitda viloyat va respublika tasarrufidagi davolash-profilaktika muassasalari, respublika ixtisoslashtirilgan markazlarida sog‘lomlashtirilishi ko‘zda tutilgan.
Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlaridan borgan malakali mutaxassislar mahalliy shifokorlarga murakkab jarrohlik amaliyotlari va davolash usullari bo‘yicha mahorat darslari ham o‘tmoqda.
Izoh (0)