Yangiqo‘rg‘on tumanining Poromon qishlog‘ida 5 yillik tanaffusdan so‘ng yosh ijodkorlarning “Poromon anjumani” o‘z faoliyatini tikladi. Bu haqda “Daryo”ga tuman hokimligi axborot xizmati ma’lum qildi.
“Poromon anjumani” bundan 20 yil avval, taniqli shoir va folklorshunos Robiddin Ishoqov tavalludining 70 yilligi munosabati bilan tashkil etilgandi. O‘tgan yillar davomida anjuman ko‘plab yosh iste’dod sohiblarini kashf etdi. Ular qatorida Mehrinoz Abbosova, Oygul Asilbekova, Behzod Fazliddin va boshqa nomlarni sanab o‘tish mumkin.
— Besh yil davomida mazkur tadbir turli sabablarga ko‘ra o‘tkazilmay kelinayotgan edi. Biz uchun qadrli bo‘lgan anjuman faoliyatini qayta tiklash, ko‘lamini yanada kengaytirishga qaror qilindi. Endi so‘lim Poromon qishlog‘i vodiy ijodkorlarini ham o‘z bag‘riga oladi, — deydi O‘zbekiston ijodkor yoshlar uyushmasi raisi, Zulfiya mukofoti sohibasi Mehrinoz Abbosova.
Tadbir doirasida Robiddin Ishoqov tavalludining 90 yilligi munosabati bilan xotira kechasi va yozuvchi Nurulloh Abbosxonning “Ustoz” biografik romani taqdimoti ham o‘tkazildi. Yoshlar mushoirasi, ustozlar bilan muloqotlar qizg‘in tus oldi. Anjuman ishtirokchilari tashakkurnomalar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Izoh (0)