Avstraliyalik bloger Tiral Dalits Sidneydan Amerikaning San-Diyego shahriga qadar birorta aviakompaniya xizmatidan foydalanmasdan yetib bordi. Uch yil davom etgan sayohat vaqtida 29 yoshli erkak 80 ming kilometrga yaqin yo‘l bosib, 50 ta mamlakatda bo‘ldi, deb xabar berdi Daily Mail.
Dalits sayohat davomida o‘zining shaxsiy LostAussies.com saytida kundalik yuritib bordi. Dalits Avstraliyadan Indoneziyaga, Singapurga, Malayziya va Tailandga yo‘l olgan. Shundan so‘ng Laos, Kamboja, Vyetnam va Xitoyga o‘tgan. Erkak Xitoydan Mo‘g‘uliston orqali Rossiya borgan, u yerdan Yevropa bo‘ylab sayohatini davom ettirgan.
Sayohat davomida u kemalar, velosipedlar, avtotransportlar va poyezdlar xizmatidan foydalangan. Butun sayohat Dalitsga, taxminan, 22 ming dollarga tushgan.
Ushbu pullarni u 1,5 yil fermada ishlab topib, jamg‘argan.
Dalits San-Diyego shahridan Sidneyga qaytishni rejalashtirmoqda, biroq yana sayohatga chiqishga shoshayotgani yo‘q. Turistning ta’kidlashicha, Avstraliyada uni onasi hamda yaxshi ko‘rgan qizi kutmoqda.
Izoh (0)